Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya velodromida yirik yong‘in yuz berdi (video)

  • Mr.NoBoDy 09.04.2026 14:22
  • 214
  • 30

Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya bog‘ida joylashgan velodromda 8 aprel, chorshanba tongida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi. Manbaga ko‘ra, yong‘in o‘chiruvchilarning tezkor harakati tufayli olov tezda nazoratga olingan va majmuaning boshqa qismlariga shikast yetmagan. Shuningdek, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.

Shtat harbiy yong‘in xizmatining ma’lumot berishicha, chaqiruv soat 04:17 da kelib tushgan. Alangani o‘chirishga 80 nafar o‘t o‘chiruvchi va 20 ta maxsus texnika jalb etilgan.

2016-yilgi Olimpiada o‘yinlari uchun qurilgan ushbu velodrom shahar ma’muriyati tomonidan boshqariladi. Majmua hududida Olimpiya muzeyi ham joylashgan bo‘lib, unda o‘yinlar tarixiga oid noyob eksponatlar, jumladan, Olimpiya mash’alasi va medallar saqlanadi.

Polkovnik Fabio Kontreyrasning CNN Brasil telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlashicha, o‘t o‘chiruvchilar muzeydagi tarixiy osori-atiqalarni saqlab qolish uchun bino ichida va tashqarisida olov bilan jiddiy kurash olib borishgan.

Rio-de-Janeyro meri Eduardo Kavaliyere jurnalistlarga bergan bayonotida, yong‘in velodromning brezent to‘shamali shiftiga yetib borganini ma’lum qildi. Biroq mutaxassislar zarar ko‘lamini o‘rganib chiqib, velodrom va Olimpiya muzeyi yong‘indan jiddiy zarar ko‘rmaganini tasdiqlashgan.

Ma’lumot uchun, ushbu velodrom Braziliyadagi eng yirik va nufuzli velosport markazi hisoblanadi. Shuningdek, u og‘ir atletika va velosport bo‘yicha milliy terma jamoalar uchun asosiy mashg‘ulot bazasi bo‘lib xizmat qiladi. E’tiborlisi, 2017-yilda ham binoning tom qismida ikki marta yong‘in chiqib, majmuaga uncha katta bo‘lmagan zarar yetgan edi.

Ўхшаш янгиликлар