
Qayta tashkil etilgan "Metallurg" dastlabki turni safarda yangi tashkil etilgan "Yaypan"ga qarshi o'tkazdi. Uchrashuvning 17-daqiqasida bekobodliklar yarim himoyachisi Komiljon Tojiddinov chamasi 20 metrlardan chap oyog'i bilan darvozaning yuqori burchagiga juda chiroyli gol urdi. Aynan shu gol championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 1-turning eng chiroyli goli deb topildi.

O'tgan mavsum Superligadan tushib ketgan G'uzorning "Sho'rtan" klubi Proligani o'z uyida "Olimpik MobiUz"ga qarshi bahs bilan boshladi. Ikkala jamoa ham hujumkor o'yin namoyish etdi, ayniqsa mehmonlarda bir qator yaxshi vaziyatlar bo'ldi. Ammo olimpikchilarning hujumlari gol bilan tugashiga "Sho'rtan" posboni Shohruh Eshbo'taev bir necha bor qarshilik qildi. Yakunda g'uzorliklar 1:0 hisobida g'alaba qozonishdi va muhim 3 ochkoni qo'lga kiritishdi. Bu ochkolar qo'lga kiritilishida katta rol o'ynagan Shohruh Eshbo'taev championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 1-turning eng yaxshi darvozaboni deb topildi.

Qayta tashkil etilgan "G'azalkent" klubi 26 yillik tanaffusdan so'ng yana O'zbekiston proligasida ishtirokini boshladi. O'z oldiga yosh futbolchilarga ko'proq o'yin amaliyoti berib, ularni xorij klublariga transfer qilishni maqsad qilib qo'ygan "G'azalkent" 1-turni o'z maydonida Buxoro davlat universitetining BuxDU klubiga qarshi o'tkazdi. "Bunyodkor" stadionida o'tgan bahsda Zayniddin Tojiev boshchiligidagi g'azalkentliklar 3:0 hisobida g'alaba qozonishdi va to'plar nisbatiga ko'ra musobaqa peshqadami bo'lib olishdi. Yosh futbolchilar bilan birinchi rasmiy o'yinda yirik g'alabaga erishgan Zayniddin Tojiev championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 1-turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

"G'azalkent"ning yirik g'alabasida jamoa hujumchisi Muhammadyusuf Fayzullaevning hissasi katta bo'ldi. 26-daqiqada o'ng qanotdan uzatilgan to'pni o'ng oyog'ida darvozaga yo'llagan bo'lsa, ikkinchi taymda yana o'ng qanotdan oshirilgan to'pni bu safar chap oyog'ida darvoza to'riga tushirdi. Ikkita gol urishdan tashqari Fayzullaev o'yin davomida sheriklarini ham bir necha bor qulay vaziyatlarga chiqarishga erishdi. Dastlabki turda dublga erishgan 18 yoshli Muhammadyusuf Fayzullaev championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 1-turning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.