
– O'yin haqida fikrlaringiz qanday?
– O'yin haqida gapiradigan bo'lsak, "Nasaf" kuchli jamoa edi, shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik. avvalambor, bugun stadionga kelgan muxlislarning, butun Qo'qon xalqining oldida yuzimiz yorug' bo'lishi uchun juda qattiq harakat qildik. Yigitlar maydonda borini berib o'ynashdi, biroq yakunda durang qayd etildi.
– Bugungi o'yindagi hisob maydondagi holatga va o'yinga mos bo'ldimi?
– To'g'risini aytsam, maydonda teng kurash kechdi. Shuning uchun, men o'ylaymanki, ha, hisob o'yinga to'la mos va adolatli bo'ldi.
– Penalti belgilangan vaziyat ancha bahs va munozaralarga sabab bo'ldi. Bunga qanday qaraysiz?
– Biz uzoqroqda turganimiz uchun holatni aniq ko'rolmadik, hakam esa vaziyatga ancha yaqinroq edi. Shuning uchun ham u o'yinchilarning etirozlariga qaramay, o'z qarorini o'zgartirmadi – penalti belgiladi.
– Bugungi natijadan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, jamoa bir ochkoni qo'lga kiritdimi yoki ikki ochkoni yo'qotdimi?
– Endi, o'z uyimizda, muxlislarimiz qarshisida o'ynaganimizni hisobga oladigan bo'lsak – albatta, ikki ochkoni yo'qotdik. Biz faqat g'alabani maqsad qilgan edik. Lekin raqibning qanday darajada ekanligini ham unutmaslik kerak. Bunday shakllangan, yaxshi va kuchli jamoa bilan bo'lgan qiyin o'yinda qo'lga kiritilgan bir ochko ham oltinga teng hisoblanadi.