Stefan Chinedu: "Akrobatik gol urish – uslubim. Men uchun hamisha eng zo'r hujumchi Levandovski bo'lgan"

  • Mr.NoBoDy 09.04.2026 10:48
  • 864
  • 30

"Surxon" hujumchisi Stefan Chinedu Superliganing 6-turidan o'rin olgan OKMKga qarshi o'yindan so'ng (1:1) o'z fikrlarini bildirdi.

– Qoyilmaqom gol urganingiz bilan tabriklayman. O'yin haqidagi fikringiz qanday?

– Avvalo, shu darajaga yetish imkoniyatini bergani uchun Xudoga shukrona aytmoqchiman. O'yinga kelsak, birinchi bo'limni yaxshi boshlay olmadik, ammo keyin o'yinimiz ancha jonlandi. O'yinimizni kuchaytirdik, ikkinchi taym birinchisiga qaraganda ancha yaxshi o'tdi. Eng muhimi, mag'lubiyatdan ko'ra ijobiyroq hisoblangan durangga erishdik. Bu esa keyingi o'yin oldidan jamoa uchun foydali.

– "Surxon" muxlislari bu golni uzoq vaqt eslab yurishadi. So'nggi daqiqadagi "qaychi" uslubidagi zarba... instinkt edimi yoki bunday akrobatik zarbalarni mashg'ulotlarda takrorlaysizmi?

– Rostini aytsam, ikki kun oldin mashg'ulotda ham xuddi shunday akrobatik zarba bilan gol urgandim, shuning uchun, ha, bu meniki, desam ham bo'ladi. Bu men yoqtiradigan gollar turidan. Mavsumoldi yig'inlarida ham shunday gol urganman. Xullas, shunaqa gollarni urishni juda yaxshi ko'raman.

– Mavsum boshida o'zingiz uchun ma'lum bir gollar sonini maqsad qilib qo'yganmidingiz? Oltita turda etarlicha gol urganingizni hisobga olsak, o'z rejangizdan oldindamisiz?

– Hozir menda to'rtta gol bor. Hammasi yaxshi ketmoqda va eng muhimi, men shaxsan o'zimning emas, jamoamizning g'alabasini xohlayman. Bu shaxsiy yutuqdan ko'ra ko'proq jamoaviy mehnatga o'xshaydi. Gol urganim yaxshi bo'ldi. Lekin, jamoamizning g'alaba qozonishini judayam istardim.

– Hujumchilar orasida sizning kumirlaringiz kimlar va ularning qaysi jihatlarini o'zlashtirishga harakat qilasiz?

– Ochig'i, men uchun eng zo'r hujumchi hamisha Robert Levandovski bo'lgan. Ha, uning instinkti, o'yinni his qilishi va gol urish uchun to'g'ri joy tanlay olishi menga juda yoqadi. U mening eng katta ilhom manbaim.

CHINEDUNING GOLINI TOMOSHA QILISH

Ўхшаш янгиликлар