
Sababi shuki, bunda azaliy raqiblar qarama-qarshiligiga guvoh bo'lamiz. "Neftchi" - "Paxtakor" o'rtasidagi to'qnashuv oldidan esa so'zni Superliga klublari matbuot kotiblariga beramiz.
Shuhratbek Jo'raev ("Andijon" matbuot kotibi) - Bu yilgi O'zbekiston Superkubogi juda qiziqarli va tomoshabop tarzda o'tishiga shubha yo'q. "Neftchi" va "Paxtakor" ishtirokidagi o'yinlarga azaldan hech kim befarq bo'lmagan. Bu safar esa o'rtaga sovrin tikilgan va bu o'yin darajasini ikki karra oshiradi. "Neftchi"ning chempionatning dastlabki uchta o'yinida ham g'alaba qozongani, "Paxtakor"ni esa o'tgan turda mag'lubiyatga uchragani va qolaversa, Supereubokni Farg'onaga qo'shni bo'lgan Andijonda o'tishi fonida "Neftchi"ning imkoniyatlari biroz balandroqdek baholanmoqda. Bundan tashqari, stadionda farg'onalik muxlislar "Paxtakor" fanatlariga qaraganda sezilarli darajada ko'pchilikni tashkil qilishi aniq. Biroq unutmaslik kerakki, "Paxtakor" ham o'z nomi bilan "Paxtakor". O'ylashimcha, ikkala jamoa ochiq va hujumkor o'yin ko'rsatadi, shunga yarasha gollarga boy o'yin bo'lishini kutyapman. Kuchligi yutadi!
Aziz Nuriy ("Nasaf", "Qizilqum" sobiq matbuot kotibi) - Superkubok haqida gapiradigan bo'lsam, har ikki jamoa ham sovrinlar muzeyiga yana bir kubokni qo'shishni istaydi. Shuning uchun qiziqarli va murosasiz o'yin bo'lishi aniq. Taxminimcha, bugun "Neftchi" g'alabani o'ziniki qiladi. Chunki jamoa chempionatdagi uchta o'yinni ham juda yaxshi o'tkazdi va yaxshi formada ko'rinmoqda. Qolaversa, o'yin vodiyda bo'layotgani ham "Neftchi" uchun ustunlik bo'lishi mumkin. Muxlislar ko'pchilikni tashkil qiladi va jamoa o'zini xuddi uyida o'ynayotgandek his qiladi.
Albatta, "Paxtakor" ham osonlikcha taslim bo'ladigan jamoa emas. Ularga ham sovrin juda kerak. Shunday bo'lsa-da, taxminim — 2:1, farg'onaliklar g'alabasi.

Sardor Nurov ("Nasaf" matbuot kotibi) - Jamoalarning chempionatdagi o'yinidan kelib chiqib aytganda "Neftchi" favorit. Lekin Superkubok 1 o'yindan iborat. Bunday bellashuvlarda har qanday natija bo'lishi mumkin. Imkoniyatlar 51/49.
Furqatbek Nishonov ("Bunyodkor" matbuot kotibi) - Har qanday jamoa bir uchrashuvdan iborat to'qnashuvga tayyorgarlik ko'ra oladi. U Birinchi liga yoki hatto Pro liga jamoasi bo'lsin, yoki Superliganing oxirgi o'rindagi klubi bo'lsin — buning farqi yo'q. O'tgan yilgi O'zbekiston Kubogi finalida "Buxoro" jamoasini misol qilish mumkin.
Hozirgi holatda Superligada "Neftchi" peshqadam. Biroq gap faqat tayyorgarlikda emas, "Paxtakor"ning darajasida ham. Doim aytganman: "Paxtakor" mavsumni omadsiz boshlasa ham, baribir chempionlik uchun kurashadi. Yakunda bu ko'p bor isbotlangan. Qolaversa, akademiyadan boshlab shakllangan tizimda "Paxtakor" degan tushuncha bor. Boz ustiga, hozirgi bosh murabbiyi uchun bu bosqichlar oddiy holat, chunki u bunday sinovlardan o'tib kelgan. Shuning uchun "Paxtakor"ning o'tgan turda yutqazgani yoki "Neftchi"ning peshqadamligi hech narsani hal qilmaydi. Menimcha, imkoniyatlar — 50/50. Hozircha ikki tomondan birini ustun qo'yish qiyin.
Agar o'tgan yilgi "Neftchi" bo'lganida, ehtimol, "Paxtakor"ning 1–2 foiz ustunligini aytardim. Ammo bu yilgi "Neftchi"da futbolchilar birga o'ynayotgan ilk mavsum emas. Tarkib yanada shakllandi va jamoa ancha qo'rqinchli ko'rinishga keldi.
Bosh murabbiy yosh, intiluvchan, harakatchan va hujumkor futbolni yoqtiradi. Shuning uchun jamoalar ehtiyotkor emas, balki ochiq o'yin ko'rsatishini istardim. Baribir qaysidir jamoa yutqazadi. Faqat yutqazishdan qo'rqib, yopiq o'yin orqali, xato qilishdan qo'rqib muxlislarni zeriktirib qo'yishmasa bo'lgani. Axir futbol muxlislar uchun o'ynaladi.
Malumot uchun, uchrashuv bugun 19:30 da "Bobur Arena"da start oladi.