
Argentina va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi Finalissima bahsi bekor bo‘lish arafasida turibdi.
Avvalroq ushbu uchrashuv «Santyago Bernabeu» stadionida o‘tkazilishi mumkinligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Aslida o‘yin 27 mart kuni Dohada bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli uni boshqa joyga ko‘chirishga qaror qilindi. Keyinchalik Argentina terma jamoasi Madridda o‘ynashdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi.
TyC Sports jurnalisti Gaston Edulning xabar berishicha, Argentina futbol assosiasiyasi (AFA) Finalissimani o‘tkazish bo‘yicha so‘nggi taklifini bergan: o‘yin 31 mart kuni va neytral maydonda bo‘lib o‘tishi shart — aks holda bahs o‘tkazilmaydi.
ESPN jurnalisti Esteban Edulning yozishicha, Argentina o‘yinni 31 mart kuni Rimdagi «Olimpiko» stadionida o‘tkazishni taklif qilgan. Boshqa variantlar qolmagan.
El Chiringuito esa yaqin soatlar ichida Finalissima bekor qilingani haqida rasmiy e’lon berilishini ma’lum qildi.
Argentinalik jurnalist Ernan Kastilyo bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘yinni «Bernabeu»da o‘tkazishga bo‘lgan harakatlar — bu UYEFA tomonidan tashkilot prezidenti Aleksander Cheferin va «Real» rahbari Florentino Peres o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun qilingan o‘ziga xos ishora edi.