
O'zbekiston futbol tarixida ko'plab xorijlik o'yinchilar to'p tepgan. Ular orasida Janubiy Amerika mintaqasidan tashrif buyurgan ilk futbolchi sifatida Anderson Karlos Fabianoning nomi alohida qayd etiladi. Ushbu maqolada "Paxtakor" klubining sobiq azosi, braziliyalik hujumchining faoliyati va erishgan natijalari haqida so'z yuritiladi.

Anderson 1972 yilning 24 martida Braziliyada tavallud topgan. Bo'yi 185 santimetr bo'lgan ushbu futbolchi asosan hujum chizig'ida harakat qilgan. Uning MDH mamlakatlaridagi faoliyati dastlab Rossiya chempionatidan boshlangan.
U to'qsonninchi yillarda Rossiya chempionatida to'p tepish uchun kelgan braziliyalik futbolchilarning dastlabki to'lqini vakillaridan biriga aylandi. 1997 yilda o'z hamyurtlari Rejinaldu Ribeyru va Junior bilan birgalikda Ikkinchi divizion ishtirokchisi – Tulaning "Arsenal" klubi safiga borib qo'shildi. Boshqa ikki braziliyalikdan farqli o'laroq, Anderson "kanonirlar"ning asosiy etakchilaridan biriga aylana oldi. Raqiblar darvozasiga 15 ta to'p kiritib, u jamoasining o'z mintaqasida g'olib chiqishiga va Birinchi divizionga yo'llanma olishiga katta hissa qo'shdi.

Andersonning "Arsenal" ishtirokidagi o'yinlarini kuzatish davomida bir uchrashuv diqqatimni tortdi. 1997 yil Ikkinchi liganing 10-turida "Venec" jamoasi "Arsenal"ni qabul qildi.
Tribunalar bo'lmagani sababli muxlislar duch kelgan joyga joylashib olishgan. Masalan, to'rt kishi o'yindan oldin naq darvoza ortida chordana qurib, spirtli ichimlik istemol qilgan. Shuningdek, uchrashuv payti maydonda sigirlar o'tlab yurgan. "Alaniya"dan "Arsenal" safiga o'tgan Valeriy Klimov "Venec" darvozaboni Kolmachevskiy bilan to'qnashib ketgach, jamoalar o'rtasida ommaviy mushtlashuv boshlangan. Janjal avjiga chiqqan bir pallada maydonga yugurib chiqqan muxlislardan biri himoyachi Sinevga hujum qildi. Qoidabuzarning miliciya xodimidan qochib qutulishga oyog'idan uchib ketgan shippagi xalaqit bergan.
VIDEONI TOMOSHA QILISH
Keyingi mavsumda elitadan keyingi o'rinda turuvchi divizionda muvaffaqiyatli ishtirok etish maqsadida Tula klubi rahbariyati yana to'qqiz nafar janubiy amerikalik futbolchilarni taklif qildi.
Hujum chizig'idagi raqobat aql bovar qilmas darajada kuchayib ketdi, qolaversa, futbolchining o'zi ham sport formasini sezilarli darajada yo'qotib, 1998 yilgi chempionat startiga qadar naq 10 kilogramm ortiqcha vazn to'plab olgandi. Mavsumning teng yarmini zaxira o'rindig'ida o'tkazgan futbolchi yakunda Toshkentning "Paxtakor" klubiga yo'l oldi.
Hujumchi Tula klubi tarkibida jami 42 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 18 ta to'p kiritgan.
1998 yil Anderson Fabiano Toshkentning "Paxtakor" klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu voqea O'zbekiston futboli tarixida birinchi marta Janubiy Amerika qitasi vakilining milliy chempionatimizda paydo bo'lishi sifatida tarixga kirdi.

Mavjud statistik malumotlarga ko'ra, braziliyalik legioner toshkentliklar tarkibida 8 ta uchrashuvda ishtirok etib, 4 ta gol muallifiga aylangan (ayrim sport manbalarida 10 ta o'yinda 5 ta gol sifatida ham keltiriladi). Maydonga tushgan har ikkinchi o'yinida raqiblar darvozasini ishg'ol qilgan hujumchining foydali ish koefficienti yuqori bo'lishiga qaramay, uning klubidagi faoliyati uzoq davom etmadi.
Ahamiyatli jihati shundaki, Anderson 1998 yilgi mavsum yakunlariga ko'ra "Paxtakor" bilan birgalikda O'zbekiston chempioni unvonini qo'lga kiritgan.
Keyinchalik vataniga qaytgan hujumchi faoliyatini "Flamengo de Guarulyus" jamoasi davom ettirgan. 2003 yil esa futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.