"Buffon meni juda yaxshi bilardi, uni hayron qoldirishim kerak edi" - Zidan JCH-2006 finalidagi "panenka" haqida

  • Mr.NoBoDy 02.03.2026 23:16
  • 267
  • 30

Franciya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi va sardori Zinedin Zidan 2006 yilgi Jahon chempionati finalida penaltini nima uchun aynan "panenka" uslubida amalga oshirganini so'zlab berdi.

Afsonaviy final va kutilmagan zarba:

Eslatib o'tamiz, Zidan Italiya terma jamoasiga qarshi kechgan hal qiluvchi bahsning 7-daqiqasida 11 metrlik jarima zarbasini ajoyib tarzda golga aylantirgan edi. Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlangan o'yinda keyinchalik italiyaliklar penaltilar seriyasida (3:5) g'alaba qozonishgan.

Zidanning etirofi:

Afsonaviy futbolchining so'zlariga ko'ra, bunday tavakkal qarorga darvozada Jianluiji Buffon turgani sabab bo'lgan:

"Bu g'ayrioddiy usul. Lekin men uni qo'llashga majbur edim, chunki darvozaning narigi tomonida Jiji Buffon turardi. U meni juda yaxshi biladi. Men ham uni juda yaxshi bilaman. Men uni hayron qoldirishim kerak edi va to'pni qo'limga olganimdayoq buni amalga oshirishimni bilgandim.

Odatda penalti tepganimda o'ng oyog'im bilan chap burchakka zarba berardim. Men unga qaysi oyoqda tepishimni sezdirmadim. Bundan tashqari, finalda Jiji darhol o'ng tomonga sakradi. O'z-o'zimga nimadir yangi, unga qarshi biror narsa o'ylab topishim kerakligini aytdim. Agar noaniq tepganimda ham bu unchalik muhim bo'lmasdi, chunki oldinda hali vaqt ko'p edi".

"Eng muhimi — emociyalar yaratish"

Zidan futbolda tabiiylik va kreativlikning o'rniga ham alohida to'xtalib o'tdi:

"Qilgan ishimdan mamnunman. Umuman olganda, men hammasini instinkt va yurak amri bilan bajardim, hech nimani oldindan hisob-kitob qilganim yo'q. Futbol shunisi bilan ham go'zal. Ijod qilish uchun tabiiy bo'lish kerak. Odamlarga o'ziga xos jinnilik, kreativlik va nimadir kutilmagan narsa sodir bo'lishi yoqadi. Sen muvaffaqiyatsizlikka uchraysanmi yoki maqsadga erishasanmi — buning ahamiyati yo'q. Eng muhimi — emociyalar yaratish", — dedi Zidan.

Shu tariqa, Zidanning ushbu zarbasi Jahon chempionatlari tarixidagi eng sovuqqon va unutilmas lahzalardan biri sifatida muxlislar yodida muhrlanib qoldi.

Ўхшаш янгиликлар