
«Barselona» qishki transferlar oynasida bir qator futbolchilari bilan xayrlashish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Jamoani tark etishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilar orasida Jyul Kunde ham bor.
Insayder Matteo Morettoning ma’lum qilishicha, Kataloniya klubi yanvar yoki yozgi transferlar oynasida ayrim asosiy tarkib futbolchilari uchun kelib tushadigan takliflarni o‘rganishga tayyor.
Xususan, «Barselona» 27 yoshli fransuz himoyachisi Kunde uchun munosib moliyaviy taklif olsa, uni sotishga rozilik berishi mumkin.
Futbolchiga Angliyaning «Chelsi» klubi qiziqish bildirmoqda. Londonliklar himoyachining transferi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni so‘rab, ehtimoliy kelishuvning moliyaviy shartlarini o‘rganmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Barselona» Kundening transferidan 50 million yevrodan ortiq mablag‘ olishni ko‘zlashi mumkin.
Hozircha tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilmagan. Fransuz futbolchisining kelajagi qishki transferlar oynasida hal bo‘lishi mumkin.