
"Bavariya" kuzatuv kengashi a’zosi Uli Xyoness "Liverpul" yarim himoyachisi Florian Virsni Myunxen klubiga olib kelish ehtimoli haqida fikr bildirdi.
23 yoshli germaniyalik futbolchi 2025 yil yozida "Bayer"dan ketganida uning transferi uchun "Bavariya" ham kurashgan edi. Biroq o‘sha paytda "Liverpul" raqobatda ustun kelib, Virsni o‘z safiga qo‘shib olgan.
Hujumkor yarim himoyachi Angliyada hozircha o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon eta olmayotgani sabab uning nomi yana "Bavariya" bilan bog‘lanmoqda.
Shu munosabat bilan Xyonessdan myunxenliklar kelajakda Virsni xarid qilish uchun yana bir bor harakat qilishi mumkinmi, deb so‘raldi.
"Yo‘q. Uning "Liverpul" bilan uzoq muddatli shartnomasi bor. O‘ylaymanki, klub Virsni o‘z o‘yin tizimiga yaxshiroq moslashtirishga harakat qiladi", — dedi Xyoness.
Shu bilan birga, "Bavariya" mutasaddisi Florian Virs Myunxen klubida o‘zini ancha qulay his qilishi va yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishi mumkinligini ham ta’kidlagan.
Hozircha esa Germaniya grandi futbolchini "Liverpul"dan sotib olish uchun yangi urinishni rejalashtirmayapti.
Qayd etish joiz, Transfermarkt portali "Bayer"ning sobiq yulduzi Florian Virsning bozor qiymatini 85 million yevroga baholamoqda.