
«Barselona» Chempionlar ligasidagi himoyaviy muammolarini bartaraf eta olmayapti. Kataloniya klubi Yevropaning eng nufuzli klub musobaqasida ketma-ket 18 ta uchrashuvdan buyon o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olmayapti.
Xans-Diter Flik shogirdlari Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 3-turida «PSJ»ga 2:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu kataloniyaliklar uchun joriy mavsumdagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi.
Mazkur uchrashuvga qadar «Barselona» barcha musobaqalar doirasida o‘tkazilgan 11 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozongandi. Jamoa ushbu bahslarda raqiblar darvozasiga 48 ta gol urib, o‘z darvozasidan 11 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
Biroq Parijdagi uchrashuvda kataloniyaliklar bir o‘yinning o‘zida to‘rtta gol o‘tkazib, mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.
E’tiborlisi, «Barselona» Chempionlar ligasidagi so‘nggi 18 ta uchrashuvning birortasida ham o‘z darvozasini goldan saqlay olmagan.
Yana bir xavotirli jihat shundaki, ushbu 18 ta o‘yinning 7 tasida Kataloniya klubi kamida uchtadan gol o‘tkazib yuborgan.
Mazkur statistika «Barselona»ning himoya chizig‘idagi muammolar dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.