
Argentinalik mashhur futbolchi Lionel Messi "Barselona"ning asosiy jamoasiga ilk bor qo‘shilgan davri va o‘sha paytda olgan muhim maslahatini xotirladi.
Kataloniya klubi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Messi atigi 16 yoshida jamoaning taniqli futbolchilari bilan birga mashg‘ulot o‘tkazish va kiyinish xonasida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
"Men 16 yoshimda yulduzlarga to‘la kiyinish xonasiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Ronaldinyo, Xavi, Puyol kabi futbolchilar bilan muloqot qila boshladim.
Bu men uchun oson bo‘lmagan, chunki tabiatan tortinchoq insonman. Ammo menga hammasini unutib, shunchaki o‘sha lahzadan zavqlanishimni aytishgan", — deya Messining so‘zlarini keltiradi Diario AS nashri.
Lionel Messi "Barselona" tarixidagi eng muvaffaqiyatli futbolchilardan biriga aylandi. U kataloniyaliklar safida 778 ta uchrashuv o‘tkazib, 672 ta gol urdi va 303 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Argentinalik hujumchi "Barselona" bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 10 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan va 4 marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan.
Messi 2023 yildan buyon AQSHning "Inter Mayami" klubida faoliyat yuritmoqda.