
"Liverpul" klubi "Kristal Pelas"ning iqtidorli yarim himoyachisi Adam Uortonni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi bo‘lsa, katta xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi.
Football Insider nashri bergan xabarga ko‘ra, mersisaydliklar ushbu transfer uchun 70 million funt sterling to‘lashi kerakligi haqida ogohlantirilgan.
Angliya terma jamoasi a’zosiga aylanib ulgurgan Uorton nafaqat "Liverpul", balki Yevropaning boshqa grandlari e’tiborida turibdi. Hozirda futbolchiga quyidagi klublar qiziqish bildirmoqda: "Manchester Yunayted", "Manchester Siti", "Chelsi" va "Real".
"Kristal Pelas" o‘z yulduziga bo‘layotgan kuchli qiziqishlarga qaramay, uni tarkibda saqlab qolishdan umidvor. "Burgutlar" 70 millionlik yuqori narx belgilash orqali xaridorlarni biroz "qo‘rqitishi" yoki transferdan maksimal foyda ko‘rishni maqsad qilgan.
Uorton joriy mavsumda barcha turnirlarda 40 ta o‘yinda 7 ta golli uzatma amalga oshirgan. Uning amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan.