Merson MYU haqida: "Xatolarga futbolchilar yo'l qo'ymoqda, murabbiy kim ekanligining ahamiyati yo'q"

  • Mr.NoBoDy 11.11.2026 15:00
  • 467
  • 30

Angliya terma jamoasining sobiq yarim himoyachisi Pol Merson "Manchester Yunayted"ning muvaffaqiyatsiz o'yinlarida bosh murabbiy Maykl Kerrikni ayblash noo'rin, deb hisoblaydi.

Eslatib o'tamiz, mankunianliklar Angliya Premer-ligasining ortda qolgan 10 ta o'yinida bor-yo'g'i bitta g'alabaga erishishdi.

"Men Kerrikni shunchaki ayblay olmayman. Klubda murabbiylar doimiy ravishda almashtirilmoqda, ammo natijalar o'sha-o'shaligicha qolmoqda. Zaxira o'rindig'ida kim o'tirganining ahamiyati yo'q: Arsen Venger, ser Aleks Fergyuson, Pep Gvardiola yoki Joze Mourinyu. Xatolarga futbolchilarning o'zi yo'l qo'ymoqda.

Agar o'yinchilar murabbiy uchun borini berib harakat qilmaganida, ularni "Roma" va "Aston Villa" tor-mor keltirgan bo'lardi. Biroq unday bo'lmadi: har ikkala o'yinda ham jamoa vaziyatni o'nglay oldi. Agar hozir "Manchester Yunayted" Kerrikni iste'foga chiqarsa, juda hayron qolgan bo'lardim.

Klub transfer siyosatini noto'g'ri yo'lga qo'ygan. Birinchi transfer oynasida rahbariyat e'tiborni hujumchilarni sotib olishga qaratdi, keyingisida yarim himoyachilarni safga qo'shib olishni boshladi, endi esa, ehtimol, mavsum oxirida himoyachilarni xarid qilishga kirishadi.

Barchasini aynan himoyadan boshlash kerak edi. Qum ustida uy qurib bo'lmaydi. Jamoada ishonchli mudofaa chizig'i bo'lishi shart, biroq u yo'q. Ular hammasini noto'g'ri tartibda bajarishdi va bu o'zlariga qarshi ishladi. Rahbariyat Maykl Kerrikni ayblamasdan, o'ziga chetdan nazar tashlashi va jiddiy xatolarga yo'l qo'yganini tan olishi kerak", - dedi Merson.

Ўхшаш янгиликлар