iks
ads

Vadim Abramov: "Ochig'ini aytganda, juda yomon o'ynadik"

  • Mr.NoBoDy 25.10.2026 21:32
  • 537
  • 30

Superliganing 25-turidan o'rin olgan "Dinamo" – "Andijon" (1:1) o'yinidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– Nima ham deyish mumkin, ochig'ini aytganda, juda yomon o'ynadik. Shunday o'yin ko'rsatib ham gol urdik... Bazida o'yin qovushmaydi, qiyin bo'ladi, lekin g'alaba qozonish mumkindek tuyuladi. Biroq raqib hech qanday murakkab vaziyat yaratmagan bir paytda, so'nggi daqiqada yana gol o'tkazib yubordik. Shunchaki oldinga to'p uzatilmoqda va ularning futbolchisi birga-bir vaziyatga chiqib bormoqda. Hayratlanarli, shunday emasmi? Bir xil xatolar takrorlanmoqda. Xullas, gapirishga so'z yo'q.

– So'nggi daqiqalarda to'p o'tkazib yuborishingiz birinchi marta kuzatilayotgani yo'q. Bu endi kulgili emas. Omadsizlikdan tashqari buning biror sababi bormi, buni o'zingiz uchun qandaydir izohlay olasizmi?
– Ha, albatta izohlayman, men axir aytyapman-ku. Agar darvozabon bunday vaziyatda darvoza maydonchasiga shunchalik yopishib olar ekan, loaqal bir marta chiqib, shu vaziyatni bartaraf etishi mumkin edi. To'g'ri, biz himoyalanyapmiz, bitta gol ustunligini saqlab qolish kerak. Ammo darvozabon faolroq ishtirok etishi lozim, to'p unga kelib tushishini kutib, shunchaki darvozada turmasligi kerak. Oldinga chiqib, xotirjam o'ynashi lozim. Himoyachi o'ziga ishonmagani sababli darvozabonga yaqinlashmoqda. Shunday bo'lishi aniq edi... To'p shuncha vaqt havoda uchdi, chiqib ushlab ol. Shunday bo'y-bast bilan oldinga chiqib, to'pni ushlab olish mumkin-ku. Yani individual xatolarmi? Albatta, bu shunchaki psixologiya, odamlar... yarimhimoyachilar shunchaki futbol o'ynash o'rniga himoyachilarga yaqinlashishni boshlaydilar. Bizda yarimhimoyachilar bilan muammo bor va barcha muammolar shundan kelib chiqmoqda.

– Bugun faqat Stefan o'z poziciyasida o'ynadi...
– Ha, afsuski, bizda ayrimlar diskvalifikaciya qilingan, boshqalari esa betob. Shuning uchun biz majbur bo'ldik... Umuman olganda, faqat ikki kishi o'z poziciyasida harakat qildi, qolganlar esa... O'rinbosarlar tarkibidan bir yigit birinchi marta maydonga tushdi. Chap qanotga Dumbiyani qo'yishga majbur bo'ldik. Afsuski, ayni paytda mana shu o'yinga futbolchilarimiz yetishmadi. Shu sababli o'yin ham shunday tushunarsiz bo'lib chiqdi.

– Yosh futbolchi Edem Seytvelievning debyuti haqida...
– Edem birinchi marta maydonga tushmoqda, qolaversa, o'z maydonimizda o'ynash har doim qiyin. Umuman olganda, u yaxshi o'ynadi. U qadar katta xatolarga yo'l qo'ygani yo'q. Boshqa masala shundaki, biz hujumda yaratuvchanlikni yo'qotmoqdamiz. Lekin qolgan vaziyatlarda u bor kuchi bilan harakat qildi. Birinchi marta o'ynayotganini hisobga olsak, fidokoriligi uchun unga rahmat aytish kerak.

– "Andijon" biroz himoyadan o'ynagandek tuyuldimi yoki jamoalar maydon markazida ko'p vaqt o'tkazgandek bo'ldimi? Tarozi pallasidek o'zgaruvchan vaziyatlarga qaramay. To'p nazorati bo'yicha statistika ham shuni ko'rsatmoqda. O'zingiz uchun qanday xulosa qildingiz, yani umuman "Andijon" himoyasini qanday yorib o'tish rejalashtirilgan edi?
– Yo'q, birinchi bo'limda biz aksincha... To'p maydon markazida ushlanmadi, biz shoshilib, birga-bir vaziyatga chiqarishga harakat qildik, hujumga o'zini oqlamagan holda yugurdik va to'plarni yo'qotdik. To'pni saqlab qolish kerak bo'lgan vaziyatlarda, shunchaki tayyorgarliksiz zarba berdik. Zarba berish kerak bo'lgan vaziyatlarda esa, aksincha, noto'g'ri qarorlar qabul qildik. Aytib o'tganimdek, umuman olganda, bugungi o'yin menga yoqmadi. Albatta, avvalgi o'yinlarimizga qaraganda juda yomon ko'rindik. Bu eng yaxshi o'yinimiz emas edi.

Ўхшаш янгиликлар