
– Bugungi o'yin xususida nimalarni ayta olasiz?
– Eng muhimi, uch ochkoga ega bo'ldik. Oson o'yinlarning o'zi yo'q. Qolaversa, "Qo'qon-1912" jamoasi ham yaxshi shakllangan, ularning safida o'ziga yarasha malakali futbolchilar harakat qiladi. Yana bir jihati shuki, ular bugun jiddiy qarshilik ko'rsatishdi, sababi ushbu jamoaga ochkolar suv va havodek zarur edi. Shuning uchun ham ular bor kuchini ko'rsatishdi. Biroq, shunga qaramay, biz eng kerakli bo'lgan uch ochkoni qo'lga kiritdik. Uchrashuv yana dramatik, yana asabiy ruhda o'tdi – go'yoki o'sha "validol" ichiladigan holatdek. Yigitlar ham borini berib harakat qilishdi. Hisob 1:0 bo'lib turgan paytda ham qulay vaziyatlardan unumli foydalanganimizda, natija umuman boshqacha bo'lishi mumkin edi. Shuning uchun bu o'yin yana bir bor o'z haqiqatini tasdiqladi: futbol to'qson daqiqa o'ynaladi. Sal e'tiborsizlik qilganimizda, ochko yo'qotishimiz ham mumkin edi. Qo'llab-quvvatlaganlari uchun muxlislarimizga rahmat aytaman.
– O'yinning borishiga e'tibor qaratsak, bugun odatdagidek faol OKMKni ko'rmadik. Bir qarashda, raqib turnir jadvalida pastroq o'rindagi jamoa edi va biz sizdan – o'z uyingizda o'ynayotganingiz uchun ham – ustunlik kutgan edik. Lekin o'yin boshida tashabbus raqib tomonida bo'ldi. Ular bir necha xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirishdi. Bunga sabab nima edi?
– Sababi shundaki, birinchi navbatda, biz o'z o'yinimizni namoyish etishimiz kerak edi. Ikkinchidan, raqib jamoa 4-4-2 sxemasida harakat qilib, ko'proq hujumga e'tibor qaratdi va uzun uzatmalardan foydalandi. Albatta, biz o'yin tizginini o'z qo'limizga olib, eng kuchli tomonimiz bo'lgan qisqa uzatmalar va kombinacion o'yin ko'rsatishimiz lozim edi. Biroq biz birinchi bo'limda ko'proq "Qo'qon-1912" jamoasining uslubiga moslashib, uzun paslar bilan o'ynab qo'ydik. To'plar keraksiz joylarda yo'qotildi va shoshqaloqlikka yo'l qo'yildi. Uzun uzatmalardan ko'p foydalangan jamoaning hujumchilari qaytgan to'plarda ham ustunlikka erishdi. To'pga egalik qilgan jamoa esa go'yoki o'yinni boshqarayotgandek yaqqol ko'rinib turadi. Lekin birinchi bo'limning oxirlarida o'z darvozamiz oldida juda xavfli vaziyatlar yuzaga kelgani yo'q. Aslida, maydonda biz o'z shartimizni belgilashimiz kerak edi, ammo bu yerda vaziyat teskarisiga aylanib qoldi.
– Hozirda OKMK klubi O'zbekiston Kubogining yarim finaliga chiqqan va o'z-o'zidan kubokni qo'lga kiritish vazifasi qo'yilgani aniq. Ikkita musobaqada ishtirok etayotgan jamoaning Kubokdagi bu maqsadi Superligadagi o'yinlariga salbiy ta’sir ko'rsatmaydimi?
– Yo'q. Lekin mana shunisi yomonki, bazan "kuchni saqlaymiz" deb maydonda ko'p xatolarga yo'l qo'yamiz. Bugun ham ikkinchi bo'limda bu holat yaqqol ko'rindi. Qulay vaziyatlarda tezroq yugurib, to'pni tezroq uzatib va uchinchi zonada bir-birimizga yordamlashib harakat qilishimiz kerak edi. Kimdir o'ziga ozgina engillik berdi va oqibatda mana shunday 1:1 hisobi yuzaga keldi. Hisob shu ko'rinishda qolib ketishi ham mumkin edi. Yaratilgan vaziyatlarni golga aylantirish va tezroq o'ynash lozim edi. Kerakli vaziyatda pressing uyushtirishimiz shart edi, lekin biz pressing o'tkazmadik. Natijada ular bemalol bizning zonamizga kirib kelishni boshlashdi. Bu o'zimizning aybimiz, chunki yugurmasdan turib qandaydir natijaga erishmoqchi edik. Vaholanki, futbol – bu dinamika, yugurish va tinimsiz harakatdir. Faqat shundagina maqsadga erishish mumkin. Shu sababli ham, raqibning bir o'yinchisi maydondan chetlatildi degani – bu o'yinni tashlab yuborib, bemalol kutib o'tiramiz degani emas. "Qo'qon-1912" safida o'ziga yarasha malakali futbolchilar bor edi va ular bizning sustkashligimizdan foydalanib, etarlicha muammo yaratib berishdi. Bizda rotaciya bor va ushbu chempionatda ham rotaciya amalga oshiriladi. Lekin har bir o'yinga chiqqandan so'ng muxlislar uchun o'ynash kerak. Men har doim aytganman: stadionga bir nafar muxlis kelsa ham, biz o'sha inson uchun o'ynashimiz shart.