"Lex" to'purarining Eron terma jamoasidan chetlatilishi katta mojaroga sabab bo'ldi

  • Mr.NoBoDy 23.09.2026 12:00
  • 191
  • 30

Eron milliy terma jamoasining oktyabr oyidagi o'quv-mashg'ulot yig'ini uchun e'lon qilingan tarkibi kutilmagan munozaralarga sabab bo'ldi.

Xususan, Polshaning "Lex" klubi safida 7 ta gol urib, faoliyatidagi eng yaxshi mavsumlardan birini o'tkazayotgan va ayni paytda Eronning eng yuqori sport formasidagi legioneri bo'lib turgan 25 yoshli Allohyor Sayyodmaneshning tarkibga kiritilmasligi ko'pchilikni hayratda qoldirdi. Asosan yoshi katta futbolchilardan tashkil topgan terma jamoaga bunday yuqori ko'rsatkichga ega o'yinchining chaqirilmasligi sport jamoatchiligida turli savollarni uyg'otdi.

Ushbu holatga bosh murabbiy Amir G'alenoyining yordamchisi Said Elahuiyning qisqacha izohi olovga moy sepgandek bo'ldi. Elahuiy futbolchining texnik yoki jismoniy imkoniyatlari haqida emas – balki uning "xulq-atvoridagi kamchiliklari" sababli terma jamoaga jalb etilmaganini ta'kidladi.

Murabbiyning mazkur bayonotidan so'ng Allohyor Sayyodmanesh mashhur jurnalist Odil Firdavsipurga bergan intervyusida keskin munosabat bildirdi. U o'zida hech qanday axloqiy yoki intizomiy muammo yo'qligini ta'kidlab, G'alenoyi unga umuman ishonmasligini aytib o'tdi. Hattoki, futbolchi bosh murabbiy uning qaysi klubda va qaysi poziciyada o'ynashini bilishiga ham shubha qilishini ochiqchasiga bildirdi. Shuningdek, Sayyodmanesh toki Amir G'alenoyi terma jamoa boshqaruvida ekan, Eron sharafini himoya qilmasligini qatiy ma'lum qildi.

Mazkur mojarodan so'ng Eron futbol federatsiyasiga yaqin bo'lgan bir qator nashrlar murabbiy qarorini yoqlab chiqishdi. "Fars" va "Tasnim" agentliklarining xabarlariga ko'ra, Sayyodmaneshning milliy jamoadan chetlatilishiga uning siyosiy noroziliklarga bag'ishlangan tatuirovkasi sabab bo'lgan. Bu ma'lumot federatsiya yoki murabbiylar shtabi tomonidan rasman tasdiqlanmagan bo'lsa-da, voqealar rivoji futbolchining sport formasi emas, balki aynan maydondan tashqaridagi omillar tufayli terma jamoadan chetlatilganini ko'rsatmoqda.

Eslatib o'tamiz, Eron terma jamoasi FIFA kunlari doirasida Farg'onada O'zbekistonga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar