
– O'yin haqida fikringiz...
– Biz 20 ming muxlisi bor kuchli jamoaga qarshi, ularning maydonida munosib qarshilik ko'rsatishga harakat qildik. O'yindan oldin ham ta'kidlab o'tganimizdek, bunday bahslarda bitta gol o'yin taqdirini hal qiladi. O'zingiz guvoh bo'ldingiz, agar ikkinchi bo'limdagi vaziyatlarimizni golga aylantirganimizda, balki g'alaba biz tomonda bo'lardi. Yigitlarga minnatdorchilik bildiraman, ular bor kuchlarini berib harakat qilishdi. Fikrimcha, yaxshi qarshilik ko'rsatib, munosib o'yin namoyish etdik. Barchangiz ko'rdingiz, biz yaxshi himoyalandik va hujumlar tashkil etdik. Faqatgina mana shu hujumlarni gol bilan yakunlay olmadik, xolos. Aynan shu omil mag'lubiyatga olib keldi.
– "Nasaf" avvallari kubokni yutishga odatlanib qolgan edi. Biroq oxirgi uch yilda musobaqani juda ham erta tark etmoqda. Bugun ham o'yindan keyin hakamning oldiga borib, umuman, butun jamoa va shaxsan o'zingiz nimalarnidir muhokama qildingiz. Bu holat Norchaevning qo'liga to'p tekkan vaziyat bilan bog'liqmi?
– Yo'q, hisob 1:0 bo'lib turgan paytdagi so'nggi jarima to'pini bizning zararimizga belgilagani uchun etiroz bildirdik. Boshqa hech qanday gap bo'lgani yo'q. Faqatgina o'sha epizod bo'yicha "Nima uchun bu tarafga ko'rsatildi?" deb so'radik, xolos. Boshqa hech qanday savol bo'lmadi.
– Sizning shogirdlaringiz boshqa jamoalarga o'tib, muvaffaqiyatli to'p tepmoqda. Bu odatiy tus oldi va "Nasaf" muxlislari buni qabul qilishga o'rganib qolishdi. Qachondir sizning ham boshqa jamoaga o'tib, bosh murabbiy bo'lishingiz mumkinmi va buni "Nasaf" muxlislari qanday qabul qiladi, deb o'ylaysiz? Har holda, bu vaqt masalasi-ku.
– Hayotda hamma narsa bo'lishi mumkin. Lekin bu haqda faqat savol berilganda ko'p bora takidlaganman: birinchi vazifam va maqsadim – o'z jonajon jamoamga qo'limdan kelgancha yordam berish. Bilmadim, hayotda har qanday holat yuz berishi mumkin, hammasini vaqt ko'rsatadi. Lekin oldimda jamoani tashlab, boshqa klubga o'tish kabi maqsad yoki niyat hech qachon bo'lmagan.
– Yaqin vaqt ichida "Navbahor"ga qarshi ikkita o'yin o'tkazdingiz va ikkalasida ham 0:1 hisobi qayd etildi. Ikki uchrashuvni solishtirganda, bir xil o'yin guvohi bo'ldik desak ham bo'ladi. Bugungi o'yin ham shunga o'xshash kechdi. Savolim shundan iboratki, jamoaga gol urish uchun nima yetishmayapti?
– Samarali va saviyali hujumchilar yetishmayotgandir, ehtimol. Bilmadim, so'nggi o'yinlarda bizdan haqiqatan ham omad yuz o'giryaptimi yoki qayerdadir sovuqqonlik yetishmayaptimi... Mana shu omillar mag'lubiyatlarimizning asosiy sabablaridan biri bo'lmoqda. Esingizda bo'lsa, bu holat "Paxtakor" jamoasiga qarshi bahsdan boshlandi. O'shanda ham futbolchilarimiz hujumda yaxshi harakat qilishgan edi, ammo qayerdadir to'sin va ustunlar xalaqit qildi. Bugun ham vaziyatlar ko'p bo'ldi, ammo gol urolmadik. Shu sababli hujumda ozgina sovuqqonlik yetishmay, ishlarimiz yurishmayapti. O'tgan safar ham takidlagandik, futbolda shunday qoida bor: gol urmasang, g'alaba qozonmaysan. Shuning uchun bu masalada yigitlarga ko'rsatmalar beryapmiz, lekin ularga ortiqcha bosim qilayotganimiz yo'q, chunki vaziyatlardan foydalanishda sovuqqonlik talab etiladi. Bilamizki, hozir shunday murakkab davr keldi. Sabr qilishimiz va ishlashda davom etishimiz lozim. O'ylaymanki, bu davr tez orada o'tib ketadi.