
- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo bugungi g'alaba bilan barcha andijonlik muxlislarni tabriklayman. O'yin oson kechmadi, aslini olganda chempionatda oson uchrashuvning o'zi yo'q. Bu o'z navbatida jamoalar kuchayib borayotganidan darak beradi. "Xorazm"ga qarshi bahs ham oson kechmasligini bilardik, shu bois hushyorlikni yo'qotmasdan oxirigacha o'ynashga harakat qildik. Buning uchun yigitlarga rahmat aytaman. Futbolda himoyada o'ynaydigan jamoaga qarshi to'p tepish oson emas, shuning uchun qanotlarni o'zgartirib oxirida raqib darvozasiga yo'l topa oldik.
- "Neftchi" bilan yaxshi o'yin ko'rgandik, ammo oxirgi ikkita bahsda shunday kreativlikni ko'rmadik. "Andijon" raqiblarga qarab harakat qilayotgandek tuyulyapti.
- Biz raqibdan kelib chiqqan o'yin ko'rsatamiz demagan bo'lardim. Chunki aytib o'tganimdek, hozir kuchsiz jamoaning o'zi yo'q. "Xorazm"ni tahlil qilib chiqqandik, kuchli va kuchsiz tomonlarini o'rgandik. Aytganimdek, himoyada o'ynaydigan jamoaga qarshi qiyinroq. Ochiq futbol o'ynaydigan jamoalarga nisbatan bizda ham ko'proq vaziyatlar bo'ladi. Raqib oldinga o'tganda orqada bo'shliq yuaza keladi, biz esa shundan foydalanishga harakat qilamiz.
- "Xorazm" o'yinni besh nafar himoyachi bilan boshladi. Shundan kelib chiqib ikki nafar hujumchi bilan o'ynasangiz bo'lmasmidi?
- Rejamizda bor edi, lekin o'yinga belgilangan taktikani boshidan o'zgartirsak nimadir o'xshamay qolishi mumkin edi. Keyinroq ikkinchi hujumchini maydonga tushirish rejasi bilan harakat qildik.
- Zaxiradan tushganlardan ko'nglingiz to'ldi desa bo'ladi.
- Albatta, shunday. Bugun zaxiradan tushganlar jamoamizga katta yordam berdi. Bundan xursandmiz.
- Transfer oynasi paytida jamoa safida Shohmalik Komilov qo'shildi. Lekin uni zaxiradan tushishini ham ko'rmayapmiz.
- Shohmalik Komilov juda iqtidorli futbolchi, faqat hozirgi kunda markazda raqobat kuchliligi bois Shohmalikda imkon bo'lmayapti. Unda hali imkoniyat bo'ladi, chunki mashg'ulotdarda o'zini yaxshi ko'rsatyapti. Tez orada unga ham imkon beramiz.
- "Andijon" U-21 jamoasi ishtirokidagi o'yinlarda negadir asosiy tarkib murabbiylari ko'rinmayapti.
- O'zimizning mashg'ulot sabab bora olmayotgan bo'lsak ham, Yutub orqali o'yinlarni ko'rib boryapmiz va murabbiylar bilan o'zaro fikr almashib turibmiz. Yoshlarimiz nazoratsiz qolib ketgani yo'q, hammani nazorat qilib boryapmiz.