Sergey Tokov: "Himoyaviy o'yin rejamizda yo'q edi"

  • Mr.NoBoDy 25.08.2026 22:32
  • 281
  • 30

Superliga 19-turdan o'rin olgan "Andijon" – "Xorazm" (1:0) uchrashuvidan so'ng "Xorazm" bosh murabbiyi Sergey Tokov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Og'ir, shu bilan birga qiziqarli o'yin guvohi bo'ldik. Uchrashuv bitta xatogacha kechdi. Afsuski, biz xatoga yo'l qo'ydik va mag'lub bo'ldik. "Andijon"ni g'alaba bilan tabriklayman va keyingi o'yinlarida omad tilayman.

- "Xorazm" bahs boshidan besh nafar himoyachi bilan o'ynadi. Ikkinchi taymda to'rt nafar himoyachini qoldirib, yarim himoyani kuchaytirsa bo'lmasmidi?
- O'ylashimcha, biz birinchi bo'limni yomon o'tkazmadik. Besh nafar himoyachi bilan o'ynaganimiz e'tiborni himoyaga qaratamiz degani emasdi. Chunki biz to'rt nafar futbolchini oldinda pressingga qoldirdik. To'g'ri, ikkinchi taymda ancha orqaga qaytib harakat qildik, sababi futbolchilarimiz tez toliqib qolishdi. Buni sun'iy maydondan birdaniga tabiiy maydonga o'tish qiyinligi bilan izohlagan bo'lardim. Shu jihatdan bizga tetiklik yetishmayapti, boz ustiga jarohat olgan futbolchilarimiz bor. Lekin himoyaviy o'yin rejamizda yo'q edi.

- "Xorazm" kuchli klublar bilan yaxshi o'ynayapti, lekin o'rtamiyonalar bilan negadir o'zini ko'rsata olmayapti.
- O'rtamiyona jamoalar deganda kimlarni nazarda tutyapsiz? "Andijon" o'rtamiyona jamoami? Agar bu tarkib bilan o'rtamiyona desak, unda biz umuman uzoqdamiz. "Andijon"da yaxshi futbolchilar ko'p, legionerlari ham kuchli. Yaxshi murabbiy ishlayapti. Menimcha, "Andijon" bu tarkib bilan bemalol sovrinli o'rinlar uchun kurasha oladi. Boake, Cheran - bular o'zimizning chempionatda top futbolchilar hisoblanadi.

- Zaxiradan tushganlar o'yinni qanchalik kuchaytira oldi?
- To'g'risini aytsam, ulardan ko'prog'ini kutgandim. Lekin bunday bo'lib chiqmadi va ozgina umidimiz so'ndi. O'yinni kuchaytirishni maqsad qilgandik, afsuski o'xshamadi.

- Darvozabon Nikola Stoshich nega maydonga tushyapti?
- Chunki biz Umidjon Ergashevni taklif qildik, u o'zini yaxshi ko'rsatyapti. Stoshich esa hozircha raqobatda yutqazyapti.

Ўхшаш янгиликлар