
Kamerun futbol federasiyasi prezidenti, mashhur sobiq futbolchi Samyuel Eto’O FIFA rahbari Janni Infantinoni uning manziliga bildirilayotgan tanqidlar va tashkilot prezidenti saylovlari arafasida qo‘llab-quvvatladi.
Eto’Oning fikricha, Infantino kichik mamlakatlar va Afrikada futbol rivojiga katta hissa qo‘shgan.
«Men prezident Janni Infantino noto‘g‘ri ish qildi, deb o‘ylamayman. Menimcha, bularning barchasi u ishtirok etadigan saylovlar yaqinlashayotgani bilan bog‘liq. U avval bunday imkoniyatga ega bo‘lmagan mamlakatlarga eng ajoyib musobaqa — futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish imkonini berdi.
U kichik mamlakatlarning bu musobaqalarda ishtirok etishiga yordam berdi, qit’amiz va federasiyalarimizning ancha tez rivojlanishiga ko‘maklashdi. Biz uni qilgan ishlari uchun qo‘llab-quvvatlashimiz kerak», — deya Eto’Oning so‘zlarini keltiradi CNN.
Iyul oyida Infantino FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. Ushbu tuzilma FIFAning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarini nazorat qilishi ko‘zda tutilgan. FIFA ma’lumotiga ko‘ra, loyiha 4,2 milliard dollar jalb qilishi mumkin.
Biroq UEFA, KONKAKAF, Osiyo futbol konfederasiyasi va KONMEBOL ushbu tashabbusga qarshi chiqdi. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, UEFAda Infantinoga ishonchsizlik votumi bildirish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Janni Infantino 2016 yil fevralidan buyon FIFA prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. Tashkilot rahbarligi uchun navbatdagi saylov 2027 yil mart oyida Marokashda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.