
Turni Toshkent derbisi, yani "Bunyodkor" - "Paxtakor" uchrashuvi boshlab berdi. Murosasiz kechgan bellashuvda omad "sherlar"ga kulib boqdi (1:0). O'yindan so'ng "Bunyodkor" yarim himoyachisi Bilolxon Toshmirzaev nima yetishmayotgani, klubdagi ichki vaziyat va muammolar haqida ochiqchasiga gapirdi.
"Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman, haqiqatdan ham yaxshi jamoa. O'yindan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, yomon o'ynaganimiz yo'q. G'alaba qozonib ketishimiz ham mumkin edi. Vaziyatlarimiz bo'ldi. Raqib o'z imkoniyatidan foydalanib gol urdi, biz esa yo'q.
Mag'lubiyatga keladigan bo'lsak, yigitlarda baribir ruhiy tushkunlik bor. 6 oydan beri maosh olayotganimiz yo'q. Yil boshidan beri pul olmadik. Futbolchilar shunga qaramasdan mehnat qilishyapti", - deydi Bilolxon Toshmirzaev.
- Klubdagi sharoitlar, xususan, "Nasaf" bilan o'yindan oldin elektr energiyasi, endi esa suv yo'qligi aytilmoqda. Bunday sharoitda jamoa qanday tayyorgarlik ko'ryapti?
- Bazamizda 2 oydan beri suv yo'q, buni hech kim bilmaydi. 1-2 marotaba aytdik, hech kim e'tibor qaratmaganidan keyin qayta-qayta gapiravermaysizku.
- Hozirgi holatda keyingi o'yindan nima kutish mumkin? Muammolar ichki muhitga ta’sir qilmayaptimi?
- Keyingi o'yinlarda g'alaba uchun kurashamiz. Bu - futbol, biz shu sohani tanlaganmiz. Moliyaviy muammolar ichki muhitga ta’sir qilmayapti. Lekin hammaning oilasi bor. Uyga 6 oy pul olib kirmasangiz, oila qanday kun ko'radi? Rahbariyat hamma sharoitni ko'rib turibdi. Ular ham qo'lidan kelganini qilishyapti, ko'ramiz, nima bo'lar ekan.
Ma'lumot uchun, "Bunyodkor" navbatdagi uchrashuvini 2 avgust kuni mehmonda "Qizilqum"ga qarshi o'tkazadi.