
Argentina terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi sobiq hujumchisi Karlos Teves Lionel Messi hamda Krishtianu Ronalduni taqqosladi. Teves Messi bilan Argentina terma jamoasida, Ronaldu bilan esa «Manchester Yunayted» safida birga to‘p surgan.
«Men Messi va Ronaldu bilan ular hali juda yosh bo‘lgan vaqtlarida birga o‘ynaganman. Menimcha, Messida tug‘ma iqtidor ancha yuqori. Ronaldu esa oddiy inson, ammo u mashg‘ulot zalida qanday ishlashni, qanday ovqatlanishni va mashg‘ulotlarni qay tarzda o‘tkazish orqali mutlaqo boshqa darajaga chiqishni yaxshi biladi.
Shunga qaramay, ikkalasi ham butunlay boshqa saviyadagi futbolchilar. Biroq Krishtianu shu darajaga yetish uchun yanada qattiq mehnat qilgan. U haqiqiy mashina. Bu ikki futbolchi o‘ziga xos iqtidor sohiblari va haqiqiy daholardir», — dedi Teves ESPNga bergan intervyusida.