
Ispaniya terma jamoasi a’zosi Mikel Oyyarsabal Jahon chempionati — 2026ning 1/16 finali doirasida Avstriya terma jamoasiga qarshi kechgan va ispaniyaliklarning uchta javobsiz goli bilan yakunlangan uchrashuvdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Qayd etish lozimki, Oyyarsabal ushbu o‘yinda dublni rasmiylashtirdi.
«Jamoamga yordam bera olganimdan xursandman. Biz keyingi bosqichga yo‘l oldik, endi esa biroz dam olishimiz kerak. O‘yin ancha qiyin kechdi. Avstriya — jismoniy jihatdan juda baquvvat jamoa. Biroq biz ajoyib uchrashuv o‘tkazdik va g‘alabadan mamnunmiz», — dedi forvard o‘yindan keyin.
JCH-2026ning 1/8 finalida Ispaniya terma jamoasi Portugaliya — Xorvatiya uchrashuvi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.