
Jahon chempionati 1/16 finalining eng kutilgan va taxmin qilish oson bo‘lgan juftliklaridan biri aynan kutilganidek o‘yin namoyish etdi. Ispaniyaliklar uchrashuvning dastlabki daqiqasidan to final hushtagigacha vaziyatni to‘liq nazorat qilishdi, har bir bo‘limda gol urishdi va g‘alaba qozonishdi. Eng muhimi, ular bu g‘alabaga minimal darajada kuch sarflagan holda erishishdi.
Ralf Rangnik jamoasi esa bunga javoban hech narsa ko‘rsata olmadi va haqli ravishda uyga yo‘l olmoqda.
ISPANIYA — AVSTRIYA O‘YININING ENG YAXSHI BESH FUTBOLCHISI
ALEKS BAENA — 8,0. Uzoq vaqt davomida Aleksning o‘yini «uning o‘rniga boshqa kimni ham qo‘yardik?» qabilidagi tanqidlar ostida qolayotgan edi. Ammo bugun u chap qanotda Mark Kukurelya bilan ajoyib tushunish hosil qila oldi va aynan Markning oldinga qo‘shilishidan so‘ng golli uzatmani amalga oshirdi.
Baena hisobida jami 5 ta (!) kalit uzatma bor. Shuningdek, uning jarima zarbasidan yo‘llagan to‘pi darvoza to‘siniga tegib, Yamal uchun juda xavfli vaziyat yaratilishiga sabab bo‘ldi.
PEDRO PORRO — 8,0. Pedro Porro nafaqat o‘zining o‘ng qanotini to‘liq nazorat qildi, balki Baenaning uzatmasidan so‘ng raqib darvoza chizig‘i yaqiniga yugurib kelib, gol urdi va Avstriyani butunlay taslim etdi.
3 ta kalit uzatma, 2 ta to‘pni raqibdan olib qo‘yish, 4 ta yutib olingan yakkakurash — Porro o‘ng qanotda Lamin Yamalga qaraganda ancha xavfliroq va foydaliroq harakat qildi. Yamal bu o‘yinda 2 ta super vaziyatni ko‘kka sovurdi.
MIKEL OYYARSABAL — 8,0. Ohista, shoshilmasdan harakat qilib ikkita gol urdi va aynan Yamalga vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha mahorat darsi o‘tib berdi. To‘g‘ri, jamoadoshlari Mikel uchun juda qulay pozisiyalar yaratishdi. U ikkala golini ham jarima maydonchasi markazidan, taxminan olti metrlik masofadan yo‘lladi.
PEDRI — 8,0. Maestro Pedri o‘z o‘rnida mustahkam, xotirjam va nihoyat Rodri bilan juda mos juftlik hosil qilishni o‘rgangandek taassurot qoldirmoqda. U o‘yin sur’atini belgilab beradi: aynan Pedri chap qanotga to‘pni uzatib, ilk golli hujumni boshlab berdi. Shuningdek, u Avstriyani maydon markazida «bo‘g‘ib» tashladi: 3 ta to‘pni tortib olish va 4 ta to‘pni qaytarish. Hech qanday ortiqcha harakatlar va asabiylashishlarsiz o‘yin tizginini nazorat qildi.
MARK KUKURELYA — 8,5. Baenaning chap qanotdagi sherigi ro‘yxatni yakunlab beradi. Markning hujumga qo‘shilishlari juda foydali bo‘ldi — uning hisobida ikkita golli uzatma va bitta goldan oldingi pas mavjud. U jamoasining barcha gollarida ishtirok etdi.