"Tezkor studiya": Chiptalar mavzusi. Osiyo Kubogida natijaga ko'z yumilmaydi. Xalq o'z jamoasini sevadi

  • Mr.NoBoDy 02.07.2026 15:32
  • 84
  • 30

2026 yil Kanada, Meksika va AQSH mezbonligida o'tayotgan Jahon chempionati o'zining qizg'in pallasiga kirib ulgurdi.

Guruh bosqichi yakunlanib, mundialning eng kuchlilari saralanadigan pley-off bahslari boshlanmoqda. Garchi O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z yurishini guruh bosqichidayoq yakunlagan bo'lsa-da, mamlakatimizda JCH shukuhi va muhokamalar tingani yo'q. "Tezkor studiya"ning navbatdagi sonida sport jurnalistlari Kamoliddin Alimov, Tolibjon Qosimov va Narzulla Saydullaev vakillarimizning ishtiroki hamda ularning Toshkentga qaytishi atrofidagi voqealarga to'xtalib o'tishdi.

Snimok ekrana (441).png

Xalq baribir o'z jamoasini sevadi


Narzulla Saydullaev (jurnalist): -
Mag'lubiyatlardan so'ng futbolchilarimiz yurtimizga turli reyslar orqali bo'linib qaytishdi. Yarim kechasi soat 1 larga yaqin Eldor Shomurodov, Odil Hamrobekov, Akmal Mozgovoy, Avazbek O'lmasaliev, Rustam Ashurmatov va Aziz G'aniev kabi 9 nafar vakilimiz Istanbul orqali Toshkentga yetib keldi. Bundan bir kun oldin ham bir nechta futbolchimiz kelgan edi. Chiptalar tanqisligi sababli jamoa bir vaqtda qayta olmadi: kimdir Turkiya, kimdir Nyu-York orqali uchishiga to'g'ri keldi.

Garchi terma jamoamiz guruhdagi barcha (3 ta) o'yinda imkoniyatni boy bergan bo'lsa-da, aeroportga oddiy muxlislar yig'ilishdi. Eng quvonarlisi, yarim tun bo'lishiga qaramay, yosh bolalar ota-onalari bilan futbolchilarning liboslarini ko'tarib kelishgan. Bu vatan va terma jamoa bitta ekanligining isbotidir. Yutsa ham, yutqazsa ham ular o'zimizniki. Xafa bo'lamiz, kuyunamiz, lekin yangi o'yin boshlansa, yana ekran qarshisiga mixlanamiz. Shaxsan men u yerda salbiy kayfiyat emas, ko'proq qo'llab-quvvatlashni ko'rdim."
Tashkiliy tushunmovchiliklar va jurnalistlardan "yashirilgan" futbolchilar.

99755c5f-4825-4e6f-afc9-47861bfc4a14.png


Tolibjon Qosimov (jurnalist): - Muxlislarning munosabati har xil bo'lishi tabiiy, lekin o'sha kuni aeroportda odamlar ko'zida nafrat yoki futbolchilarga nisbatan biror-bir negativ fikrni sezmadim. Ammo meni boshqa tashkiliy jihat taajjubga soldi.
Eldor Shomurodov va Odil Hamrobekov oddiy yo'lovchilar qatori kutib olish zalidan chiqib kelishdi. Biroq Aziz G'aniev, Jasur Jaloliddinov va Doston Hamdamovlarni O'FA yoki Milliy futbol markazi xodimlari xizmat (kirish) eshigi orqali boshqa yo'l bilan olib chiqib ketishgan. Yarim kechasi futbolchilarni yoritish, ulardan fikr olish uchun kelgan OAV vakillari oldidan futbolchilarni bunday 'yashirincha' olib chiqib ketilishi tushunarsiz va notug'ri qadam bo'ldi.

Ma'lumot uchun: Narzulla Saydullaevning qo'shimcha qilishicha, ayrim futbolchilar, xususan, O'tkir Yusupov va Ruslan Jiyanov Toshkentga qaytmay, to'g'ridan-to'g'ri "Navbahor" klubining Turkiyadagi yig'iniga borib qo'shilishgan. Qolgan futbolchilarga esa qisqa muddatli tatil berilgan.

ab653603-7153-475b-915d-59af217664da.png


Asosiy imtihon oldinda: "G'alvir Osiyo Kubogida ko'tariladi"

Kamoliddin Alimov (boshlovchi/ekspert): Xalqimiz va hukumat mag'lubiyatga qaramay, jamoani iliq kutib oldi. Bu - futbolchilarga berilgan katta ishonch avansidir. To'g'risini aytish kerak, Jahon chempionatida guruhimizdagi Portugaliya yoki Kongo DR kabi raqiblar bizdan sezilarli darajada kuchli edi, shu bois mundialda katta natijalar kutmagandik va oldindan balandparvoz taxminlar ham qilmagandik.
Biroq, Osiyo Kubogida bunday bahonalar o'tmaydi. U yerda natijaga ko'z yumib bo'lmaydi. Tez orada qita birinchiligi ham boshlanadi va haqiqiy imtihon (g'alvir) o'sha yerda ko'tariladi. Bosh murabbiy Fabio Kannavaro o'z lavozimida qoldi. Endi u do'ppini bir chetga qo'yib, jiddiy o'ylashi, xatolardan xulosa chiqarishi shart. Vakillarimiz Osiyo Kubogi guruh bosqichidan birinchi o'rin bilan chiqishlari va yuqori natija ko'rsatishlari shart. Buni biz qatiy talab qilib olamiz.

503349.jpg

Mundial chiptalari atrofidagi shubhalar

Tolibjon Qosimov (jurnalist): - Terma jamoa atrofidagi yana bir bahsli mavzu - Jahon chempionati chiptalari bilan bog'liq vaziyatdir. Biz ham xuddi muxlislar singari ijtimoiy tarmoqlardagi bahs va iddaolarni kuzatib boryapmiz. Studiyamizdagi uch nafar ekspertning hech biri AQSHga borgani yo'q. Okean ortida bo'lgan ikki tomon (tashkilotchilar va norozi guruhlar) esa bir-biriga jiddiy ayblovlar qo'ymoqda. Biz Toshkentda turib voqeaga aniq baho bera olmaymiz. Balki u yerda bo'lib qaytgan hamkasblarimiz kelishgach, asl holatga oydinlik kiritib berishar.

Snimok ekrana (440).png

Kamoliddin Alimov (boshlovchi/ekspert): - Aslida bu jiddiy jurnalistik surishtiruv talab qiladigan mavzu. Biroq O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O'FA) baribir bunday mavzulardan o'zini olib qochishga harakat qiladi. FIFA qoidalariga ko'ra, ishtirokchi mamlakat federatsiyasiga har bir o'yin uchun ma'lum miqdorda chiptalar ajratiladi. Bu chiptalar katta ehtimol bilan tekinga berilgan bo'lishi ham mumkin va ular qarindosh-urug'larga emas, birinchi navbatda oddiy muxlislarga o'z narxida yetib borishi kerak edi.
Ammo chiptalarda narxlarning ko'rsatilmagani va ularga maxsus kodlar (kalitlar) orqali kirilgani turli shubha va savollarni yuzaga keltirmoqda.

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”“Ucell” “TT LLC”“Black Cofee”“OfoTour”

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar