
Germaniya terma jamoasi Jahon chempionati–2026 bilan xayrlashganidan so‘ng muxlislariga murojaat yo‘lladi. Nemislar 1/16 finalda Paragvayga qarshi bahsda 1:1 hisobida durang o‘ynab, penaltilar seriyasida 3:4 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etdi.
Germaniya terma jamoasi matbuot xizmati quyidagi bayonot bilan chiqdi:
«Aziz muxlislar! Bu yilgi Jahon chempionati uyimizdan juda uzoqda o‘tdi. Ammo sizlar hamisha bizning yonimizda bo‘ldingiz. Sizlar bizga baland ovozda dalda berdingiz va bizdan ko‘proq narsa kutdingiz.
Afsuski, maydonda oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga yaqin ham bora olmadik. Bu jamoa aslida nimalarga qodir ekanini ko‘rsata olmadik. Natijada munosib tarzda, ammo juda erta musobaqani tark etdik.
Biz bu yo‘lni sizlar bilan birga bosib o‘tishni va Germaniyani biz bilan faxrlantirishni istagandik. Ammo bu safar jamoa sifatida buning uddasidan chiqa olmadik. Bu holat biz uchun ham og‘ir. Xuddi ko‘pchilik muxlislarimiz kabi biz ham qattiq iztirobdamiz.
O‘yinimizga nisbatan bildirilayotgan tanqidlarni qabul qilamiz. Ular asosli va sportning ajralmas qismi hisoblanadi. Ammo futbolda nafratga o‘rin yo‘q. Biz irqchilik yoki har qanday kamsitish ko‘rinishlariga toqat qilmaymiz. Futbol — bu birdamlik va hamjihatlik, bo‘linish emas.
Biz bilan birga bo‘lgan va qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Beqiyos yordamingiz uchun tashakkur. Biz sizlar bilan birgalikda yanada kuchliroq bo‘lib qaytamiz.
Sizning milliy terma jamoangiz».