
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi Andrey Fyodorov Fabio Kannavaro boshchiligidagi milliy jamoaning JCH-2026dagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki haqida o‘z fikrini bildirdi.
«Men Kannavaroni O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlamagan bo‘lardim, balki Kapadzeni qoldirgan ma’qul edi. U terma jamoa bosh murabbiyi sifatidagi vazifalarni yaxshi uddalayotgandi. Kannavaroning O‘zbekistonda ishlashdan o‘z manfaati (motivasiyasi) bor», — deya sobiq futbolchining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Metaratings.ru.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor mundialda ishtirok etmoqda. Kannavaro shogirdlari guruh bosqichida ikkita o‘yin o‘tkazib, hali ochko jamg‘ara olishmadi. Jahon chempionatining start turida O‘zbekiston Kolumbiyaga imkoniyatni boy berdi (1:3), shundan so‘ng Portugaliyadan javobsiz beshta gol o‘tkazib yubordi. 3-turda terma jamoa Kongo DR bilan to‘qnash keladi, o‘yin 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.