"Mundial Allplay bilan": O'zbekistonda tug'ilib, ismini o'zgartirgan holda Germaniya bilan mundialda qatnashayotgan futbolchi bilan yaqindan tanishamiz

  • Mr.NoBoDy 15.06.2026 15:32
  • 165
  • 30

14 iyun kuni jahon chempionati guruh bosqichi 1-tur doirasida Germaniya – Kyurasao (7:1) uchrashuvining 82-daqiqasida nemislar tarkibida Valdemar Anton zaxiradan maydonga tushirildi.

Nima bo'pti shunga deysizmi? Gap shundaki, ushbu futbolchi O'zbekistonda tavallud topgan va "oq bo'rilar" sharafini himoya qilishi mumkin edi…

Valdemar Anton 1996 yil 20 iyul kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida dunyoga kelgan. Uning rasmiy hujjatlarida qayd etilgan haqiqiy ismi Vladimir bo'lib, keyinchalik ismini Valdemarga o'zgartirgan.

Snimok ekrana 2026-06-15 145935.png

Sportchining oilaviy va etnik kelib chiqishi g'oyatda xilma-xildir. Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, uning otasi millatiga ko'ra rus bo'lib, Rossiyaning Ural mintaqasidagi yirik sanoat markazi – Ekaterinburg shahridan kelib chiqqan. Onasi esa tarixiy Volga nemislari avlodidan hisoblanadi. Volga nemislarining Markaziy Osiyoga, xususan O'zbekiston va Qozog'istonga kelib qolishi Ikkinchi jahon urushi davridagi tragik voqealar va majburiy deportaciya jarayonlari bilan bevosita bog'liq.

1990-yillarning oxiriga kelib, sobiq Ittifoq respublikalaridagi iqtisodiy va ijtimoiy o'zgarishlar fonida ko'plab etnik nemislar tarixiy vataniga qaytish huquqidan foydalanishni boshladilar. 1998 yilda, Vladimir endigina ikki yoshga to'lgan paytda, uning oilasi Germaniya hukumati tomonidan taqdim etilgan "Spätaussiedler" (ko'chib keluvchilar/etnik nemis muhojirlari) maqomi asosida doimiy yashash uchun Germaniyaga ko'chib o'tishga qaror qildi. Bu ko'chish ularning hayotidagi eng katta burilish nuqtasi edi, chunki oila O'zbekistondagi o'zining barcha yashash tarzini tashlab, Yevropaning markazida mutlaqo notanish sharoitda yangi hayot boshlashga majbur bo'lgan. Otasi avtobus haydovchisi, onasi esa oshpaz bo'lib ishlagan.

Snimok ekrana 2026-06-15 145920.png

Valdemar bog'chaga chiqqan kezlarida nemis tilida deyarli gapira olmasdi, lekin u yaxshi o'rta maktabda talim oldi hamda matematika va biologiya bo'yicha chuqurlashtirilgan kurslarda maktab imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi. Uning laqablari – "Vova" va "Valdi".

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul". Promokodni faollashtirish HAVOLASI

Uning futboldagi ilk qadamlari professional akademiyalarning ideal yashil maysalarida emas, balki asfaltlangan ko'chalarda, o'ziga xos shafqatsiz va raqobatbardosh muhitda boshlangan. U o'zini haqli ravishda "ko'cha futbolchisi" deb hisoblaydi. Bolaligida uning oilasi Gannovyerdagi turk kabobxonasi (doner-kebab do'koni) ustida joylashgan kichik kvartirada istiqomat qilgan. Valdemar va uning do'stlari kabobxona oldida joylashgan temir velosiped turar joylarini futbol darvozasi sifatida ishlatib, asfalt ustida uchga-uch (3v3) formatida futbol o'ynashgan. Ko'cha futbolining o'ziga xos xususiyati shundaki, u yerda hakamlar yo'q, qoidalar qattiq va murosasiz bo'lib, bu muhit bolada jismoniy chidamlilik, to'pni tor joylarda boshqarish texnikasi va xarakterning shakllanishiga xizmat qiladi. Ushbu ko'cha o'yinlarining g'olibi uchun mukofot doimo tayin edi – mag'lub jamoa g'oliblarga kabob olib berishi kerak bo'lgan. Bu shirin xotiralar uning ongida shu qadar kuchli o'rnashib qolganki, sportchining o'zi etirof etishicha, u hozirga qadar qayerdadir kabobxona yonidan o'tib qolsa, birinchi navbatda o'sha bolalikdagi g'alabalari va ko'cha futbolining haroratini eslaydi.

"Biz kabobxonaning tepasida yashardik. Uning oldidagi velosiped turargohlarini darvozaga aylantirib, uchga uch o'ynardik. Yakunda g'olibga kabob berilardi".

Snimok ekrana 2026-06-15 150037.png

Germaniyaning Gannover shahriga ko'chib kelgan oila dastlabki yillarda nihoyatda og'ir ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Antonning o'zi katta bo'lgach bergan intervyularida onasining xotiralariga tayanib takidlashicha, ular Germaniyaga hech qanday moliyaviy zaxirasiz, boyliksiz va hatto oddiy yuklarsiz, tom manoda noldan boshlash uchun yetib kelishgan. Ota-onasining tinimsiz, og'ir mehnati va jamiyatda o'z o'rnini topish yo'lidagi mashaqqatli kurashlari yosh Antonning ongida juda erta va chuqur iz qoldirdi. Bu holat keyinchalik uning professional sportdagi o'ta yuqori mehnat layoqati va muvaffaqiyatga bo'lgan kuchli ishtiyoqining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

Anton oilada yolg'iz farzand bo'lib o'sdi. U doimo aka-ukalari bo'lishini orzu qilgan bo'lsa-da, bu bo'shliqni uning atrofidagi o'zidan katta do'stlari to'ldirdi. Bu do'stlar hayotda turli qiyinchiliklarni boshidan kechirgan, ko'chaning past-balandlarini ko'rgan yigitlar edi va ular Valdemarni o'z ukalaridek himoya qilib, to'g'ri yo'l ko'rsatishga harakat qilishdi. Oilaviy qadriyatlarga nihoyatda sodiq bo'lgan Anton o'z intervyularida yoshlarga doimo ota-onalarning maslahatlariga quloq tutishni tavsiya qiladi. U o'smirlik davrida ota-onasining gapiga kirmay qilgan xatolari ortidan bir necha bor qoqilinganini va yakunda baribir kattalarning haq ekanligini tushunib etganini ochiq tan oladi.

U ilk bor etti yoshida klub safida o'ynagan bo'lsa, 2008 yilda, 12 yoshida "Gannover 96" yoshlar akademiyasiga qabul qilindi. 2015 yilning avgust oyida, 19 yoshga to'lganidan ko'p o'tmay, u Mintaqaviy ligadagi ilk o'yinini o'tkazdi va qariyb bir yildan so'ng Ikkinchi Bundesligada debyut qildi. 2017 yilda esa u asosiy Bundesligaga ko'tarildi.

2018 yilning yozida, 22 yoshga to'lganidan so'ng ko'p o'tmay, o'sha paytdagi bosh murabbiy Andre Braytenrayter tomonidan jamoa sardori etib tayinlandi va shu tariqa Bundesligadagi eng yosh sardorga aylandi.

"Gannover 96" tarkibida Anton 2015 yildan 2020 yilga qadar to'p surdi. Bu davr mobaynida u barcha turnirlarda asosiy jamoa safida 130 ta rasmiy o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 5 ta gol yozdirib qo'ydi.

2020 yilning yozida Valdemar Antonning karerasida sifat jihatidan mutlaqo yangi va yanada yuqori bosqich boshlandi. O'sha vaqtda Bundesligaga endigina qaytgan "Shtutgart" klubi rahbariyati himoya markazini kuchaytirish maqsadida Anton nomzodini tanladi. Dastlab "Gannover" o'z tarbiyalanuvchisini 12 million evrodan kamiga sotishni istamagan bo'lsa-da, muzokaralar natijasida transfer taxminan 5-6 million evro va keyinchalik qo'shiladigan bonuslar evaziga amalga oshdi. Bu transfer Anton uchun o'zining taktik salohiyatini to'liq namoyon qilish uchun ideal tramplin vazifasini o'tadi.

"Shtutgart" tarkibida u 2020 yildan 2024 yilgacha bo'lgan davrda jami 127 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol kiritishga muvaffaq bo'ldi. Bu davr ichida u jamoaning sardori va asosiy tayanchiga aylandi. Uning "Shtutgart"dagi faoliyatining kulminacion nuqtasi 2023-2024 yilgi mavsumga to'g'ri keladi. Mazkur mavsumda "Shtutgart" barcha kutilmagan natijalarni qayd etib, Bundesligada "Bavariya" kabi grandlarni ortda qoldirgan holda vice-chempionlikni (ikkinchi o'rinni) qo'lga kiritdi. Bu fenomenal muvaffaqiyatning asosiy ijodkorlaridan biri, shubhasiz, mudofaani mustahkam ushlab turgan Valdemar Anton edi. Uning to'pni o'yinga kiritishdagi xotirjamligi, pressingni yorib o'tishdagi uzatmalari va pozicion xatolarga yo'l qo'ymasligi butun Yevropa sporti tahlilchilari tomonidan yuqori baholandi.

Yevropaning top-klublari Antonning "Shtutgart"dagi muvaffaqiyatlarini diqqat bilan kuzatib borishdi. 2024 yilning iyul oyida, futbolchi o'zining 28 yoshga to'lishiga sanoqli kunlar qolganda, faoliyatidagi eng yirik va mas'uliyatli shartnomani imzoladi. U Germaniyaning eng bayroqdor klublaridan biri, Chempionlar Ligasi finalchisi – Dortmundning "Borussiya" klubi safiga borib qo'shildi. Shartnoma 4 yil muddatga, yani 2028 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallangan edi.

Sportchining o'zi ushbu transfer haqida shunday xotirlaydi: "Men aslida klubni o'zgartirishni rejalashtirmagan edim, ammo keyin Dortmundning 'Borussiya'si menga aloqaga chiqdi. Chempionlar Ligasi finaliga chiqqan bunday top-klubning qiziqishi har qanday futbolchini o'ylantirib qo'yadi. Ular ilk daqiqalardanoq meni jamoada ko'rishni qattiq istashayotganini va menga muhim rol berishlarini his qildirishdi".

Hozirgi paytga kelib, u "Borussiya" safida 50 dan ortiq rasmiy o'yinlarda ishtirok etib, 4 ta gol urishga va jamoaning almashtirib bo'lmas yetakchilaridan biriga aylanishga ulgurdi.

Antonning bozor qiymati va unga bo'lgan global talab ham mutanosib ravishda o'sib bordi. Nufuzli "Transfermarkt" portali ma'lumotlariga ko'ra, uning bozor qiymati 2026 yil may oyida 18 million evroni tashkil etgan. "AKA Global GmbH" agentligi tomonidan boshqariladigan futbolchining real bozordagi narxi esa bundan ancha yuqori. Angliyaning "Bulinews" nashri va boshqa manbalarning xabar berishicha, 2026 yilning yozida Angliya Premer-ligasi grandi "Manchester Yunayted" uning uchun 40,5 million evrolik ulkan taklif tayyorlamoqda. Bundan tashqari, Ispaniyaning "Atletiko Madrid" va Angliyaning "Atson Villa" klublari ham o'zbek zaminida tug'ilgan ushbu himoyachini o'z saflarida ko'rish uchun harakat qilmoqda.

FIFA qoidalariga ko'ra, tug'ilgan joyi va ota-onasining kelib chiqishi sababli, Anton bir vaqtning o'zida uchta mustaqil davlat – O'zbekiston, Rossiya va Germaniya milliy terma jamoalari sharafini himoya qilishning to'laqonli yuridik huquqiga ega edi.

2016-17 yillarda, u endigina "Gannover 96" asosiy tarkibiga kira boshlagan davrda, O'zbekiston milliy terma jamoasi mutasaddilari Anton bilan aloqaga chiqishgan. Ayni vaqtda, Rossiya futbol ittifoqi ham uning otasi tomonidan rossiyalik ekanligini inobatga olib, uni o'z safiga qo'shib olish imkoniyatlarini ko'rib chiqqan.

Biroq Anton pragmatik va o'zining futbolchi sifatida shakllangan madaniy muhitiga mos qaror qabul qildi. U o'zining ikkinchi vatani bo'lmish Germaniyani tanladi. Germaniya yoshlar terma jamoasidagi (U21) faoliyati o'ta muvaffaqiyatli kechdi. 2016 yildan 2019 yilgacha u U21 termasi safida 11 ta o'yinda maydonga tushdi. 2017 yilda Polshada bo'lib o'tgan 21 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Yevropa Chempionatida Germaniya terma jamoasi bilan oltin medallarni qo'lga kiritib, Yevropa chempioni degan sharafli nomga sazovor bo'ldi. Oradan ikki yil o'tib, 2019 yilgi turnirda esa kumush medal sohibiga aylandi.

"O'zbekistonliklar bilan aloqa bo'lgan edi. Ammo bobom va buvim ham u yerda ortiq yashashmaydi, hozir ular Rossiyada istiqomat qilishmoqda. O'zbekistonda mening hech kimim qolmagan. Shu sababli bu variant umuman ko'rib chiqilmadi".

Yoshlar o'rtasidagi muvaffaqiyatlarga qaramay, Germaniyadek futbol gigantining asosiy milliy terma jamoasiga chaqiruv olish uchun unga salkam sakkiz yillik tinimsiz mehnat va barqarorlik talab etildi. Va nihoyat, 2024 yilda uning sabr-toqati va "Shtutgart"dagi fantastik o'yinlari o'z natijasini berdi. U Germaniya asosiy terma jamoasi safidagi debyutini Fransiyaga qarshi kechgan yuqori darajadagi uchrashuvda o'tkazdi. Shundan so'ng u terma jamoaning doimiy a'zosiga aylandi. 2024 yil davomida 7 ta, 2025 yilda esa 5 ta o'yinda maydonga tushib, umumiy hisobda 12 ta rasmiy uchrashuvda Germaniya sharafini himoya qildi. Eng muhim voqealardan biri shuki, Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsman uni 2026 yilgi FIFA Jahon Chempionatida ishtirok etadigan jamoaning yakuniy rasmiy qaydnomasiga kiritdi. Jahon miqyosidagi eng nufuzli ushbu turnirda Anton Antonio Ryudiger ("Real Madrid"), Jonatan Ta ("Bavariya") va o'z klubdoshi Niko Shlotterbek kabi dunyoning eng oldi himoyachilari bilan elkama-elka harakat qilish sharafiga muyassar bo'ldi.

"JCH-2026'ni Allplay'da tomosha qiling - CHAMPIONATASIA promokodi bilan 45 kun bepul"

Promokodni faollashtirish HAVOLASI

Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Ўхшаш янгиликлар