
Ispaniya milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bugun Luis de la Fuente shogirdlari guruh bosqichi 1-turi doirasida Kabo-Verde terma jamoasiga qarshi maydonga tushadilar.
«Barselona» vingeri Lamin Yamal, avvalroq xabar berilganidek, jarohatidan to‘liq qutilib, umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytgan bo‘lsa-da, bo‘lajak bahsda asosiy tarkibda maydonga tushmaydi. «Qizil furiya» bosh murabbiyi 18 yoshli futbolchining jismoniy holati «ideal darajada» ekaniga qaramay, uni uchrashuv davomida zaxiradan o‘yinga qo‘shishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda ESPN.
Ispaniya va Kabo-Verde o‘rtasidagi bahs Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi. Ispaniyaliklar 21 iyun kuni Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashsa, 27 iyunda guruh bosqichining so‘nggi turida Urugvayga qarshi bahs olib borishadi.