Qozog‘iston deputatlari JCH–2026da O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi

  • Mr.NoBoDy 10.06.2026 21:33
  • 182
  • 30

Qozog‘iston Respublikasi Majilisi deputatlari 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati haqida fikr bildirib, mundialda qaysi terma jamoalarga muxlislik qilishlarini ma’lum qilishdi, deb xabar bermoqda Sports.kz ZTB manbasiga tayanib.

Deputatlar orasida Ispaniya, Argentina va Niderlandiya terma jamoalariga muxlislik qiluvchilar ham bor. Biroq xalq vakillarining aksariyati JCH–2026da O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlashdi.

Samat Nurtaza:
— Men bolaligimdan buyon Niderlandiya terma jamoasiga muxlislik qilaman. Ular hali biror marta jahon chempionatida g‘olib bo‘lishmagan. Omad kelmayapti, ammo men hamon «apelsinranglilar» tarafdoriman.

Magerram Magerramov:
— Men 1982 yildan beri jahon chempionatlarini tomosha qilaman va o‘sha vaqtdan buyon Ispaniya terma jamoasiga muxlislik qilaman. Shuning uchun Ispaniya chempion bo‘lishiga ishonaman.

Nikita Shatalov:
— Biz tarixan Ispaniya va Argentina terma jamoalariga muxlislik qilib kelamiz. Albatta, o‘yinlarni kuzatamiz, ammo ehtimol, vaqt imkoni bo‘lsa, pley-off bosqichidan boshlab.

Yerlan Sairov:
— Menimcha, u yerda O‘zbekiston va Turkiya terma jamoalari ishtirok etadi. Biz aynan shu mamlakatlarga muxlislik qilamiz.

Jiguli Dayrabayev:
— Osiyodan bizning birodarlarimiz — O‘zbekiston futbolchilari ham yo‘l olishadi. Men O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilaman.

Yerkin Abil:
— Men unchalik futbol muxlisi emasman, ammo O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayman.

Aydarbek Xo‘janazarov:
— Men albatta jahon chempionatini tomosha qilaman va O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilaman. Ularda Xusanov kabi juda iqtidorli futbolchilar bor. U nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun sobiq ittifoq hududi uchun ham faxr manbaidir. Shuningdek, Portugaliya terma jamoasini ham alohida ta’kidlamoqchiman. U yerda barchaga yaxshi tanish Krishtianu Ronaldu o‘ynaydi. Adashmasam, bu uning faoliyatidagi beshinchi jahon chempionati. U butun yoshlar uchun katta motivasiya manbai. Shuning uchun barchani futbol tomosha qilishga va sport bilan shug‘ullanishga chaqiraman.

2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati 11 iyun kuni start oladi. Musobaqaning ochilish uchrashuvi shu kuni Mexikodagi «Asteka» stadionida bo‘lib o‘tadi va unda Meksika hamda Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari o‘zaro bahs olib boradi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundialdagi ilk uchrashuvini 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bahs ham Mexikoda bo‘lib o‘tadi.

Ўхшаш янгиликлар