
Kuchli va nomdor Niderlandiya terma jamoasiga qarshi bahs nafaqat bugungi kunning bosh voqeasi, balki o'zbek futboli solnomasida ham yangi sahifa ochadi.
Gap shundaki, Niderlandiya terma jamoasi O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixida to'qnash keladigan Yevropaning (UEFA a'zosi) roppa-rosa 17-jamoasi bo'ladi. Shu kungacha vakillarimiz Ko'hna qitaning 16 ta turli terma jamoalariga qarshi yashil maydonga tushishgan.
Statistikaga nazar tashlasak, O'zbekiston terma jamoasi Yevropa vakillari orasida eng ko'p Ozarbayjon (10 marta) va Qozog'iston (7 marta) bilan kuch sinashgan. Umumiy ro'yxat esa quyidagicha ko'rinishga ega:
Ozarbayjon - 10 ta o'yin
Qozog'iston - 7 ta o'yin
Belarus - 3 ta o'yin
Gruziya, Ukraina - 2 tadan o'yin
Latviya, Slovakiya, Estoniya, Shvetsiya, Turkiya, Rossiya, Bosniya va Gertsegovina, Albaniya, Armaniston, Isroil, Chernogoriya - 1 tadan o'yin.
Bugungi bahs ushbu geografiyani yanada kengaytiradi. Niderlandiya bilan uchrashuv vakillarimiz uchun Kolumbiyaga qarshi bahs oldidan katta tajriba va jiddiy imtihon bo'lishi shubhasiz.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston – Niderlandiya bellashuvi soat 23:45 da start oladi.