Ivan Boshkovich: "To'rtta uchrashuvda bir ochko to'plash balki inqiroz bo'lsa kerak"

  • Mr.NoBoDy 20.03.2026 22:56
  • 948
  • 30

Superliga 4-turidan o'rin olgan "So'g'diyona" – "Paxtakor" (2:4) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida "bo'rilar" bosh murabbiyi Ivan Boshkovich ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz...

- Qiziqarli bahs kechdi, o'yin sizlarga yoqdi deb o'ylayman. Oltita gol ko'rdik. Shunday chiroyli stadionda mezbon bo'lib o'ynadik va "uydagi" bahsda 4ta gol o'tkazib yutqazish alamli. O'yinni yaxshi boshladik, to'pni nazorat qildik, faqat vaqtida gol urishimiz kerak edi. Raqib bizni jazoladi, hakamlarning ikkita qarori ham tasir qildi. Men hakamlarni hurmat qilaman, lekin g'alati qoidalar borki, to'p qo'lga tegdi, qo'l to'pga tegdi, to'g'ri-noto'g'ri - men bularni bilmayman. Menimcha, hech kim bilmasa ham kerak. Nimayam derdim, raqibni g'alaba bilan tabriklayman. Bugun maksimum kuch yo'qotdik, oxirigacha o'ynashga harakat qildik. Vaziyatni o'nglash uchun borimizni berdik, lekin doimgidek vaziyatlardan foydalanishda oqsadik. Buyog'iga nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi.

- Jamoangiz yomon o'ynamayapti, oxirigacha kurash olib bormoqda, ammo har o'yinda gollar o'tkazyapti. "So'g'diyona"da qandaydir inqiroz bormi?

- Inqiroz? To'rtta uchrashuvda bir ochko to'plash balki inqiroz bo'lsa kerak. Bu o'rinda taqvim qanaqa kelganining ahamiyati yo'q. Ha, natija bo'yicha inqiroz bor, lekin o'yinimiz borasida-chi? Biz yanada yaxshiroq harakat qila olamiz. Har xil holatlar bo'ladi va bu jamoaga tasir qiladi. Hozir men shikoyat qilmoqchi emasman. Faqat shuni aytishim mumkin, futbolda oxirigacha kurashish kerak. "Uyda" o'ynaganingda ikkita penalti qo'yilishini tushuntirib berish og'ir. Biz sinib qolganimiz yo'q, bitta g'alaba hammasini o'zgartirib yuborishi mumkin. Hozir chempionatda tanaffus yuzaga keladi va qilgan ishimizni tahlil qilib chiqamiz. 

- Qishdagi selekciya ishlaridan qoniqdingizmi?

- Ha, qoniqdim. Har transfer oynasida Doriev, Yovovich, Ivanovich kabi futbolchilarni olib kela olmaymiz. Lekin "So'g'diyona"da har doim yaxshi legionerlar o'ynagan deb ayta olaman. Bizda yaxshi jamoa va yaxshi kollektiv bor. Muhimi, sifatli ishlashda davom etish kerak. Shunda hammasi yaxshi bo'ladi.

- Klubda moliyaviy muammolar bormi?

- Bu savolga javob berishni istamayman.

- Chempionatimizning to'rtta turi ortda qoldi va endi FIFA kunlari sabab biroz pauza yuzaga keladi. Fevralda taqvim aniq bo'lgach, siz mana shu to'rtta turda qancha ochko olishni maqsad qilgan edingiz?

- 12 ochko olishni reja qilgandik (kuladi). Boshqa savollar bo'lmasa rahmat.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar