
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Eron terma jamoasi haqida gapirar ekan, ushbu Yaqin Sharq jamoasining Jahon chempionatidagi o‘yinlarini o‘z mamlakatida qabul qilishga tayyorligini bildirdi.
"Bu masala ko‘rib chiqilmoqda va vaqti kelganda sizga xabar beramiz. Meksika dunyoning barcha mamlakatlari bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ko‘ramiz, FIFA qanday qaror qabul qilar ekan. Ularning o‘yinlarini qabul qilishimiz uchun hech qanday to‘siq yo‘q", — deya Sheynbaumning so‘zlarini keltiradi El Universal.
Eslatib o‘tamiz, Eron terma jamoasi o‘z o‘yinlarini AQSHda o‘tkazishi kerak edi. Biroq bir necha kundan beri amerikaliklar Isroil bilan ittifoqchilikda Fors ko‘rfazida Eronga qarshi harbiy harakatlar olib bormoqda. Avvalroq AQSH rahbari Donald Trampning o‘zi, agar Eron terma jamoasi mundial uchun mamlakatga uchib kelsa, ularning xavfsizligini ta’minlay olmasligini aytgan edi.