Pro liga: murabbiylar bilan tanishamiz - OFK Kubogi-2011 g'olibi, "Navbahor"ning sobiq ustozi va 2024 yilning eng yaxshi yoshlar murabbiyi (1-qism)

  • Mr.NoBoDy 17.03.2026 22:08
  • 34
  • 30

Sir emaski, avvalgi yillarda Pro liga malum muddat "uyquda" edi - jamoalar sonining kamligi ham atrofdagi qiziqishni pasaytirgani rost.

Biroq 2026 yildan boshlab ishtirokchilar soni oshgani ortidan musobaqaga bo'lgan etibor yana qayta boshladi. Ayniqsa, ligada ham tanish, ham mutlaqo yangi jamoalar paydo bo'lgani muxlislarni turli syurprizlar kutmoqda, degan umidga undamoqda.

Biz esa aynan shu jamoalarni boshqarayotgan mutaxassislarga etibor qaratdik. Ular orasida yosh va istiqbolli murabbiylar, katta tajribaga ega ustozlar hamda nomdor shaxslar borligi Pro liganing bu mavsum yanada qiziqarli kechishidan darak bermoqda.

Ilhom Mo'minjonov ("Metallurg") — Oradagi 3,5 yillik tanaffusdan so'ng Ilhom Mo'minjonov katta futbolga qaytdi. U so'nggi bor Farg'onaning "Neftchi" jamoasini Superligada boshqargan, undan avval esa klubni Pro ligadan elitaga olib chiqqan edi. Endilikda mutaxassis oldida yana bir muhim vazifa turibdi — Bekobodga Superligani qaytarish.

Mo'minjonov uchun bu jarayon begona emas. Shu bois u "Metallurg" bilan ham shunday natijaga erishishga intiladi. Murabbiy boshqargan jamoalar, odatda, maksimal maqsad sari harakat qilishi bilan ajralib turadi. Bu yo'lda unga Durbek Umaraliev, Andrey Shumara, Oybek Qilichev va Akmal Ortiqov ko'maklashadi. Umuman olganda, "Metallurg"ni oson bo'lmagan, ammo qiziqarli mavsum kutib turibdi.

Bobur Abdurahmonov ("Paxtakor-Farm") — Yangi mavsumda ilk bor "Paxtakor" klubining farm jamoasi ham Pro ligada ishtirok etadi. Asosan 2008 yil va undan keyin tug'ilgan futbolchilardan tashkil topgan jamoaga 1992 yilda tug'ilgan Bobur Abdurahmonov ustozlik qiladi.

Yosh murabbiy bugunga qadar "Paxtakor" tizimida turli yosh toifalarida, jumladan U-19 jamoasida faoliyat yuritgan. 2024 yilda uning boshchiligidagi yosh "sherlar" U-19 chempionatida g'olib chiqdi. Yil yakuniga ko'ra esa Bobur Abdurahmonov O'zbekistonning eng yaxshi yoshlar murabbiyi deb topildi.

"Fikrimcha, Pro liga o'yinlari qiziqarli kechadi. Jamoalar soni 14 tani tashkil qiladi va ularning aksariyati oldiga aniq vazifalar qo'yilgan. Biz, murabbiylar uchun ham, bu yaxshi maktab va katta tajriba bo'ladi", — deydi Abdurahmonov.

Rashid G'ofurov ("Yaypan") — Futbolchilik faoliyatida "Navbahor", "Mashal", "Bunyodkor" jamoalarida, shuningdek O'zbekiston milliy terma jamoasida to'p tepgan Rashid G'ofurovni futbol muxlislari yaxshi taniydi.

Murabbiylik faoliyatida u 2016 yil qisqa muddat "Navbahor"ni boshqardi, keyinchalik esa tanaffus qildi. So'ngra "Navbahor-Farm" jamoasi bilan ishlab, Birinchi ligada bir necha yil davomida yosh futbolchilarni tarbiyalash va ularni asosiy tarkibga etkazish ustida mehnat qildi.

2026 yildan etiboran Yaypanda yana katta futbol muhiti qaytmoqda — bu safar "Yaypan" nomi ostida. Jamoaga Rashid G'ofurov bosh murabbiy etib tayinlandi. Etiborli jihati shundaki, 2020 yil "Turon" ilk urinishdayoq Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritgan edi. Endilikda tarkib jihatidan kamtarona ko'rinayotgan "Yaypan" qanday natijalar qayd etishi — mavsumning eng qiziq intrigalaridan biri bo'lib turibdi.

Zayniddin Tojiev ("G'azalkent") — Pro liganing yana bir debyutanti sifatida "G'azalkent" yangicha loyiha, zamonaviy qarashlar va aniq strategiya bilan futbolimizga kirib kelmoqda. Jamoa asosan yoshlar bilan ishlash, ularni rivojlantirish va kelajakda Evropa maydonlariga olib chiqishni maqsad qilgan.

Bunday yo'nalish uchun, albatta, yoshlar bilan ishlashda tajribali mutaxassis talab etiladi. Shu manoda, bolalar va yoshlar futbolida 10 yildan ortiq faoliyat yuritib kelayotgan Zayniddin Tojiev to'g'ri tanlov bo'ldi. U o'tgan mavsum "Olimpik" murabbiylar shtabida ishlab, Pro liga muhitini yaqindan o'rgandi va qimmatli tajriba to'pladi.

Endilikda ushbu ko'nikmalar Tojiev uchun yangi bosqichda asqotishi shubhasiz. Jamoa yangi mavsumga tayyorgarlikni Antaliya yig'ini orqali olib borib, bir qator kuchli jamoalarga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etdi. Bu esa "G'azalkent"ning jiddiy tayyorgarlik bilan maydonga tushishini ko'rsatadi.

Ko'rinib turibdiki, "G'azalkent" Pro ligada o'z uslubiga ega, kutilmagan natijalar qayd etishi mumkin bo'lgan qiziqarli jamoalardan biriga aylanmoqda.

Asror Aliqulov ("Sho'rtan") — O'z vaqtida jamoa moliyaviy qiyinchiliklar, qarzdorliklar girdobida qolgan pallada Aliqulov "Sho'rtan"da samarali ish olib borgan. O'tgan yilning ikkinchi davrasidan etiboran Asror Chorievich yana G'uzorga qaytdi va jamoani qaytadan tiklashga kirishdi.

Uning jamoalari har doim intizomli, jangovor ruhda harakat qiladi, futbolchilari esa maydonda maksimal kuch bilan kurash olib boradi. Aliqulov boshqaruvidagi jamoalar har bir o'yinda xarakter ko'rsata olishi bilan ajralib turadi. Pro ligada ham yuqori o'rinlar uchun intilgani bejiz emas.

Shu bois bu murabbiydan "Sho'rtan"ni yana elita — Superligaga olib chiqishini kutish tabiiy. Zero, u bunday vazifani avval ham uddalay olgan: "Mashal" bilan ikki marotaba ushbu natijaga erishgan. Ayni paytda jamoa tarkibi ham yomon emas — mahalliy futbolchilar va legionerlar o'rtasida yaxshi uyg'unlik shakllangan.

Jamoliddin Rahmatullaev (Respublika FA) — Yangi Milliy futbol markazi qoshida Respublika futbol akademiyasi ham o'z faoliyatini boshladi. Akademiyaning bosh jamoasi esa Pro ligada ishtirok etadi. Ushbu jamoada 2007 yil va undan keyin tug'ilgan iqtidorli futbolchilar to'p tepadi. Jamoa asosan yosh istedodlarni shakllantirish, ularni yuqori darajadagi raqobat muhitiga tayyorlashga qaratilgan.

Asosiy maqsad — 2027 yilgi U-20 Jahon chempionatiga puxta va tizimli tayyorgarlik ko'rish. Shu yo'lda futbolchilar nafaqat jismoniy, balki taktik va psixologik jihatdan ham o'sib borishi ko'zda tutilgan. Mazkur loyihaga tajribali va yoshlar bilan ishlashni yaxshi biladigan mutaxassis sifatida Jamoliddin Rahmatullaev taklif etildi. Uning qo'l ostida akademiya jamoasi nafaqat natija, balki sifatli o'yin va istiqbolli futbolchilarni etishtirishga intilmoqda.

Eldor Boymatov ("TerDU") — Pro ligada universitet jamoalariga keng yo'l ochildi va "TerDU" ham shular jumlasidan. 2011 yil "Nasaf" bilan OFK Kubogida g'olib chiqqan, "Qizilqum" va "Surxon" jamoalarida to'p surgan sobiq hujumchi Eldor Boymatov bir necha yil oldin butsalarini mixga ilgandi. Qisqa fursat ichida u murabbiylik faoliyatini boshlab, "Qiziriq" jamoasida ish olib bordi va 2024 yilgi O'zbekiston Kubogida munosib ishtirok etdi. Keyinchalik ushbu jamoa "TerDU"ga aylantirildi va yangi mavsumdan Pro liga qatnashchilari safidan joy oldi. Boymatov uchun bu yil tajriba to'plash borasida muhim imkoniyat bo'ladi.

Eldor Moyliev ("Lochin") — Moylievni futbol jamoatchiligi "Nasaf" akademiyasi, yoshlar va farm jamoalaridagi faoliyati orqali yaxshi taniydi. "Lochin" Qarshi davlat universiteti qoshidagi jamoa hisoblanadi. Tarkibning asosiy qismini "Nasaf-Farm"da to'p surgan yosh futbolchilar tashkil etadi. Shu bois jamoa o'zaro tushunish va jipslik borasida muammoga duch kelmaydi. Moyliev uchun bu imkoniyat — o'zini katta sahnada namoyon qilish va yoshlar bilan ishlashdagi salohiyatini yanada ochib berish uchun muhim sinov bo'ladi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar