
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 3-turning eng yaxshi darvozaboni – Rustam Nortojiev ("Qo'qon-1912")
Jarohati bois jamoasiga yordam berolmagan darvozabon Azizxon Isaqov o'rniga darvozani qo'riqlagan Rustam Nortojiev "Lokomotiv" bilan o'yinni (1:1) munosib o'tkazdi. 29 yoshli posbon bahs mobaynida 3 ta seyv amalga oshirdi, shulardan birida jamoasini muqarrar goldan saqlab qoldi. Championat.asia xodimlari turning eng yaxshi darvozaboni masalasida qiyinchilikka duch kelmadi va Nortojiev jiddiy raqobatsiz, ammo munosib ravishda 3-turning eng yaxshi darvozaboni sifatida etrof etildi.

Championat.asia sayti talqinida 3-turning eng yaxshi murabbiyi – Timur Kapadze ("Navbahor")
"Navbahor" yakuniga etgan turda "Paxtakor" mehmoni bo'lib, 2:0 hisobida g'alabaga erishdi. Namanganliklar "Paxtakor" stadionida ortiqcha bosim his etmadi va maydonda o'yinni nazorat qildi. Bosh murabbiy Timur Kapadzening ishlanmalari to'la samara keltirdi va "sherlar" etakchilari rejaga asosan "qurorsizlantirildi". "Navbahor" yorqin o'yin ko'rsatgan holda ikkinchi bo'limdagi gollar evaziga ishonchli g'alabani tantana qildi. Shunday qilib, markaziy to'qnashuvda g'olib chiqqan Timur Kapadze Championat.asia sayti talqinida tur murabbiyi deb topildi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 3-turning eng yaxshi futbolchisi – Jamshid Iskanderov ("Neftchi")
Islom Ismoilov qo'l ostidagi "Neftchi" ushbu turda Samvel Babayan boshchiligidagi "Andijon"ni tor-mor keltirib (3:0), ketma-ket uchinchi g'alabasini tantana qildi va jadvalda yakka peshqadam bo'lib turibdi. Uchrashuv taqdirini "1+2", yani bitta to'p kiritib, ikkita assist amalga oshirgan "maestro" Jamshid Iskanderov hal etdi. Farg'onaliklar tajribali xavbekning 42-daqiqadagi pasi orqali hisobni ochgan bo'lsa, ikkinchi taymdagi goli va uzatmasi orqali 3 ochkoni rasmiylashtirib qo'ydi. Championat.asia sayti so'zsiz va hech bir ikkilanishlarsiz aynan Iskanderovni 3-turning eng yaxshi futbolchisi deya etirof qildi.

Championat.asia sayti talqinida 3-turning eng chiroyli goli muallifi – Alisher Odilov ("Neftchi")
Yuqorida yozilganidek, "Neftchi" bu turda o'z maydonida "Andijon"ni mehmon qilib, yirik hisobda g'alaba qozondi. Mezbonlarning 42-daqiqadagi kombinacion harakatlari va geometrik paslari aniq-tiniq amalga oshirildi. Yakunda vinger Alisher Odilov vaziyatga nuqta qo'ydi — hujum qanotda Ubaydullaev, Ismoilov orqali boshlanib, Yovovich va Iskanderovning aqlli pasi orqali rivojlandi va yakunda Odilovning goli bilan tugadi. Shu tariqa, 24 yoshli o'yinchi turning eng chiroyli goli muallifi deb topildi.
