
«Manchester Yunayted» klubining sobiq futbolchisi Ueyn Runi Braziliya terma jamoasining afsonaviy hujumchisi Romario bilan uchrashdi. Ular «Romario TV» kanalidagi podkast davomida o‘zaro suhbat qurishdi.
Suhbat davomida ingliz va braziliyalik sobiq yulduzlar bir-birlariga maqtovlar yog‘dirishdi. Romario Runiga o‘zining dastxati tushirilgan futbolkasini sovg‘a qildi va tashrif uchun minnatdorchilik bildirdi.
«E’tibor uchun rahmat! Huzurimizga yana bir buyuk o‘yinchi tashrif buyurdi», — deb yozdi braziliyalik afsona o‘z ijtimoiy tarmoqlarida.
Eslatib o‘tamiz, Romario 1994 yilgi Jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi va «Barselona» tarkibida Ispaniya chempioni bo‘lgan. Ueyn Runining klub miqyosidagi eng oliy yutug‘i esa «Manchester Yunayted» bilan qo‘lga kiritilgan Chempionlar ligasi g‘olibligidir.