Mirjalol Qosimov: "Oson gollarni o'tkazib g'alabadan mahrum bo'ldik"

  • Mr.NoBoDy 12.03.2026 23:48
  • 749
  • 30

Superliga 3-turdan o'rin olgan OKMK - "So'g'diyona" (2:2) uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida Olmaliq jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Durang natijaga erishdik. Har doim Jizzax jamoasi bilan qiziq o'yin bo'lgan va bugun ham shunday bo'ldi. Biz juda oddiy ikkita gol o'tkazib yubordik deb o'ylayman. Dorievning kutilmagan zarbasi golga aylandi. Oson gollar o'tkazib yuborganimizni kiyim almashtirish xonasida yigitlarga ham aytdim. Qarshi hujumda ikkinchi golni o'tkazdik. Bu ham achinarli hol bo'ldi. Birinchi goldan keyin hisobni tenglashtirib, ikkinchi golni ham urib oldik. Nima qilib bo'lsa-da, shu hisobni saqlab qolishimiz lozim edi. Ammo nasib qilgani shu ekan. Endi keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.

- Uch o'yinda bir ochko olishni OKMK uchun uyatli holat deb hisoblaysizmi?

- Endi ruslarda bir gap bor, bandasi so'rayveradi, Xudo nasibaga yarasha beradi. Qiyin vaziyatga tucshib qolamiz deb o'ylamaganmiz, "So'g'diyona" ham buni o'ylamagan. O'zimizda kuch topib harakat qilyapmiz. Bu bahona emas, lekin saviyali 13 nafar futbolchi jamoamizni tark etdi. Yangi jamoani esa bir kunda tuzib bo'lmaydi. Hamma narsaga vaqt kerak. Men yutqazishni yoqtirmayman, buni kup bora aytganman. Sport principim ham oxirigacha kurashish. Lekin boya aytib o'tganimdek, hammasiga vaqt kerak. Chempionat endi boshlandi, hali yo'l uzoq. Meni xursand qilayotgan jihati - jamoamizda shijoat bor, maydonga chiqib shunchaki to'p tepmayapmiz, yigitlarning harakatini ko'rib turibman. Albatta, bu uyatli, lekin uyaladigan joyi yo'q. Agar ishlamasdan yotganimizda buni uyatli desak bo'lardi.

- Bugun OKMK avvalgi ikki turga nisbatan yaxshiroq harakat qildi. Negaki jamoaning "Bunyodkor" va "Xorazm"ga qarshi o'yinlarida realizaciya pand bergandi. Bugun esa shogirdlaringiz ikki bor to'p kiritishdi. Bugungi uchrashuvning qaysi jihatlarini etirof etsa bo'ladi va qaysi jihatlar ustida ishlash kerak deb hisoblaysiz?

- O'zingiz aytib o'tgandek, birinchi navbatda realizaciyani etirof etish kerak. Ikkinchisi, ikkinchi bo'limda qo'lni tushirmasdan o'ynash. Maydonda kurash oxirigacha kechadi, umuman qo'l siltab qo'yish kerak emas. Xorazmda gol o'tkazib yuborgach, harakat qildik, faqat realizaciya pand berdi. Bugun esa shijoatni ham, vaziyatlardan foydalanishni ham ko'rdik. Oxirigacha kurashishimiz kerak, shundagina ijobiy natija bo'ladi.

- Oxirgi yillarda OKMK siyosati o'zgarganini ko'ryapmiz. Bu holat jamoani o'rtamiyonaga aylantirib, sovrindorlar qatoridan uzoqlashtirib qo'ymasmikin. Shunday xavotir yo'qmi?

- Endi buyam bitta malaka. Albatta, biz ham pastda yurishni xohlamaymiz. Eskilarning gapi bor: osilsang, baland dorga osil. Shunday ekan, har doim harakatda bo'lish kerak. Keyin mukofot ham shunga yarasha bo'ladi. Bizning maqsad - faqat oldinga harakat. Lekin buning uchun bu kabi o'yinlarda yutqazmaslik lozim, bunday gollarni o'tkazmaslik kerak. Yuqori o'rinni olish uchun yutish kerak.

- Bir kun kelib OKMKni tark etganingizda jamoani chempion qila olmadim degan armon qiynamaydimi?

- Hozir shunga yaqin gapni kiyim almashtirishda xonasida jamoaga ham aytdim. O'z paytida biz ham kimningdir o'rniga futbolga kirib kelganmiz. Ko'p yil futbol o'ynadim, tugatdim va mening ham o'rnimga boshqalar keldi. Charxpalak to'xtab qolmaydi, aylanaveradi. Kun otadi, quyosh botadi, vaqt o'taveradi. Lekin Olloh bergan vaqtni mazmunli o'tkazish kerak. Futbolda ham, hayotda ham shu.

O'z paytida armonim Jahon chempionatiga chiqa olmaganimiz bo'lgandi, mana vaqt o'tib shu davrlar ham keldi. Terma jamoamiz Jahon chempionatiga chiqdi. Hamma narsa imkoniyatdan kelib chiqib qilinadi. Bekorga ko'rpangga qarab oyoq uzat deyishmaydi. Hammamiz yanada ko'prog'ini xohlaymiz. Futboldagi gaplar bizdan oldin ham bo'lgan, bizdan keyin ham bo'ladi.

To'g'risini aytsam, men kelgunimga qadar Olmaliqda bolalar futbolini rivojlantirish hech kimga qiziq bo'lmagan. Yaqinda klub akademiyasi ochildi, bolalar futboli uchun qadam tashlandi, bu ishlar endi-endi yo'lga qo'yilyapti. Bunga men ham o'z hissamni qo'shganimdan xursandman, ammo bu bilan maqtanmoqchi emasman, qilingan ishlarning hammasi shu erda qoaldi. Men hech nimani ko'tarib olib ketmayman. Shu qilingan ishlar bir kun kelib o'z samarasini beradi. 

Bitta daraxt eksang, ertaga soyasida kimdir o'tiradi. Biz ham qaerdadir xato qilgandirmiz, beayb Parvardigor. Hammasiga sabr qilish kerak. Mashinada ketayotib, oldindagi "Damas" oynasidagi yozuvga ko'shim tushib qoluvdi, lotinchada yozilgan ekan: "Bir gap bo'lar, qaysi biriga siqilay". Xullas, shunaqa gaplar.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar