Mirko Yelichich: "Jasur Yaxshiboev? Bu holat men uchun ham tushunarsiz"

  • Mr.NoBoDy 12.03.2026 00:40
  • 28
  • 30

Superliganing 3-turi doirasida "Lokomotiv" - "Qo'qon-1912" (0:0) uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.

- O'yin yaxshi o'tdi. Umuman olganda, teng o'yin bo'ldi. Bugun yaxshi o'ynadik deya olmayman. Balki o'tgan o'yin sabablidir, biroz tempni yo'qotdik. O'shanda yomon maydonda futbol o'ynamagandik. Balki bugungi ob-havo ham sabab bo'lgandir. Chunki bir qancha futbolchilarimiz kasal bo'lib qolishdi. Sovuq havo sababli ikkala jamoa futbolchilari nafas olishga qiynalishdi. Ayrim futbolchilarimda o'yinga qadar ham bir qancha muammolar bor edi. Shunda ham yigitlarim harakat qilishdi. Ularga rahmat aytaman. Deyarli teng o'yinning guvohi bo'ldik.

- Uchta o'yinda 7 ochko olish sizni qoniqtirdimi?

- Dastlabki ikki o'yinda 6 ochko oldik va bugun 1 ochko bilan kifoyalandik. Albatta, biz har bir o'yinda uch olishni maqsad qilamiz, lekin bu futbol va bunda qiyinchiliklar ham uchrab turadi. Bugun yutganimizda yaxshi bo'lardi, lekin durang qayd etdik. Bugun oson o'yin bo'lmadi, har ikki jamoa kurash olib bordi, shundan kelib chiqib durang adolatli bo'ldi deb ayta olaman

- Dastlabki turlarda "Lokomotiv"ni "qariyalar jamoasi" deb tanqid qilishgandi. Ekspertlar ilk uch turdagi raqiblar esa unchalik kuchli emas va omadi kelib, 7 ochkoni qo'lga kiritdi, deb hisoblashdi. Jamoaning navbatdagi o'yini "Neftchi"ga qarshi bo'ladi va aynan ushbu uchrashuv jamoaning kuchini namoyon qilib beradi, degan fikrga qanday qaraysiz?

- Hozir Superligadagi barcha o'yin qiyin o'tmoqda. Oson o'yining o'zi yo'q. "Neftchi"dagi bahs juda qiyin o'tadi. Ularni taxlil qilib chiqamiz. Tarkibi juda kuchli, 20 futbolchi istalgan boshqa jamoalarni kuchaytirib yuboradi. Ulardagi tanlov imkoniyati katta. Biz esa har bir o'yinga uch ochko uchun chiqyapmiz. Hech kimdan qo'rqmaymiz va himoyaviy o'ynamaymiz, futbol o'ynashga harakat qilamiz. Bazida bu o'xshamoqda, bazida esa kutilgandek bo'lmayapti. Ushbu o'yin biz uchun yaxshigina sinov bo'ladi.

- Tarkibda yosh futbolchilarning salohiyatini ochib berayotganingiz uchun rahmat aytaman. Dastlabki uch turda ikkita gol urgan Quvonchbek Abraevning o'yini haqida nimalar deya olasiz?

- Quvonch o'zining termadagi o'yinlari orqali o'tgan yili ko'pchilikning etiboriga tushdi. Hozir u katta futbolga ko'nikishi biroz qiyin bo'lmoqda. Hozir unda oldinga qadam tashlayotgani ko'rinmoqda. Kattalar kabi shug'ullanyapti. Unda texnika, tezlik bor. Endi uning o'yiniga boshqa sifatlarni ham qo'shish kerak. U uch o'yin orqali o'ziga bo'lgan ishonchni orttirib bormoqda va bu yaxshi holat. Faqatgina u emas, balki, boshqa yoshlarda ham shunday holat.

- "Qo'qon-1912" "Lokomotiv" uchun noqulay raqib hisoblanadi. Siz noqulay raqib iborasiga qanday munosabatdasiz?

- "Qo'qon-1912"ni yaxshi bilaman. Ular barcha raqiblarga kurash taklif qilishadi va futbolchilar doimo jismonan baquvvat bo'lishadi. Ular har doim oxirigacha kurash olib borishadi va raqiblarga oson o'yin ko'rsatishiga imkon bermaydi. Bugun ham jamoalar ko'proq kurashishdi. O'tgan o'yinda "Mashal"dagi kabi kurash olib bordik. Bu tomondan olib qaraganda ular yaxshi futbol qurishmoqda. Bugun ham ko'proq kurash va kamroq futbolni ko'rdik.

- "Lokomotiv" Jasur Yaxshiboev bilan shartnoma imzoladi, klub bu borada rasman elon ham qildi. Lekin u bilan boshqa gap-so'zlarni ham o'qidik. Aslida nimalar sodir bo'lgandi?

- To'g'risi bu men uchun ham tushunarsiz. Buni ko'proq rahbariyatdan so'rash kerak. Barchasi uning o'ziga qoldirilgandi. Biz uni taklif qildik va u tayyor bo'lganida bizga kelishi kerak edi. Keyinchalik yana muzokaralar bo'ldi va bunda aniq bir nima bo'lgani yo'q.

- Endi barchasini yozgacha kutish kerak bo'ladimi?

- Balki hammasi aniq bo'lib ulgurgandir. Lekin men uchun barchasi noaniq va mavhum. Biz u uchun ham variantlar tayyorlagandik, shu bilan birga boshqa holatga ham tayyor turgandik.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar