Andrey Shipilov: "Qo'qon-1912" eng yoshi katta jamoa? Gapingiz to'g'ridir. Lekin men pasportga qaramayman"

  • Mr.NoBoDy 12.03.2026 00:08
  • 937
  • 30

Superliganing 3-turi doirasida "Lokomotiv" - "Qo'qon-1912" (0:0) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Ilk navbatda shunday ajoyib sifatdagi maydon uchun katta rahmat aytaman. Bu odamni xursand qildi. Bunday maydonda xato qilish mumkin emasdi. O'zbekiston uchun uch daraja sovuq havo odamga minus 10, 15 daraja kabi sezilsa-da, Qo'qondan bizni qo'llab-quvvatlash uchun kelgan, shuningdek, "Lokomotiv"ning muxlislariga ham rahmat aytaman. Undan tashqari, hozir Ramazon oyida bo'la turib, sovuq havoda stadionga kelib, ko'p bo'lmasa-da, jamoalarini qo'llab turgan muxlislar uchun yomon gaplar ayta olmayman. Sizlarning qo'llab-quvvatlashingizni ikkala jamoa azolari ham his qilib turishdi. Bugungi o'yin juda juda va juda qiziqarli bo'ldi. Ikki xil taktik qarashlarga ega murabbiylarning o'yini o'tkazildi. O'yindagi temp, kurashlarni inobatga olsak, bu bahs kechagi "Paxtakor" - "Navbahor" uchrashuvidan kam bo'lgani yo'q. Bu mening fikrim, albatta. Kecha bu o'yinni ko'rgani bora olganim yo'q, jamoa bilan boshqa ishlarni bajardik. Lekin o'yinni tomosha qildim. "Lokomotiv" ham, bizning jamoa ham bugun o'zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Standartlarda, himoyada, hujumda o'ylangan kombinaciyalar, sxemalarni ko'rdik. O'yin golgacha davom etishi kerak edi. Bugun bizda g'alabaga etishtira olmagan birgina omil bo'ldi - yaxshi kuchli hujumchi. Toma Tabatadze biroz jarohat olgandi. Bizda esa uning joyini kuchaytirishga resurslar etishmadi. "Lokomotiv" esa doimgidek "Lokomotiv". Ularning o'z uslubi, o'z yo'nalishi bor. Jamoaning "daydi o'g'illari" yana qaytishdi. Ularning ushbu jamoa tarkibida birga ko'rish menga ham yoqimli bo'ldi. O'z jamoamga hech qanday etirozim yo'q. Hakamlik ham bugun evropacha bo'ldi. Ortiqcha hissiyotlar, harakatlarsiz futbol ko'rdik. Deyarli barcha futbolchilar to'liq o'yinni bosim ostida o'tkazishdi.

- "Qo'qon-1912" dastlabki o'yinlarda gol urishga qiynalmoqda. Yagona gol ham penaltidan urildi. Hujumchilar unchalik yomon emas. Bu holatga qanday qaraysiz?

- Birinchi turdan beri menga shunday savol berilmoqda. Ilk marta bu savolga javob berganimda, asosan, oldi chiziqdagi futbolchilarga to'xtalgandim. O'shanda men yigitlarga shunchaki gol urish kerakligini, bizda vaziyatlar juda ko'p bo'lganini aytgandim. Endi bu haqida yana gapirishni istamayman. Bu hali ham mening miyamda turibdi va unutishning iloji bo'lmayapti. "Paxtakor" bilan o'yinda bizda kam vaziyat bo'ldi. Lekin 10 kishi bo'lib, gol ura olgandik. Bugun ham bir qancha yaxshi vaziyatlarimiz bo'ldi. Aytganimdek, bugun bizga Toma etishmadi. Shunday katta salohiyatga ega hujumchi, hech bo'lmaganda ikkinchi bo'limdagi 30 daqiqa uchun ham kerak bo'lardi. O'shanda o'yin yanada qiziqroq bo'lishi mumkin edi. Nimeli, Husanov juda yaxshi ishlarni bajarishdi. Biroq ular engil bo'lgan hujumchilar. Ulardan keyin esa kuchliroq hujumchilarni o'yinga tashlash kerak. Biz harakat qilishda davom etamiz, bizda vaziyatlar etarlicha. Ortga, himoyaga yotib olmaymiz. Deyarli barcha o'yinlarda hujumda o'ynashga harakat qilamiz. Bizga ayrim vaziyatlarda, shunchaki, sovuqqonlik ham etishmayapti. Kecha "Neftchi"ning o'yinini tomosha qildim, ularda ham gollarni hujumchilar urishmadi. Biz deyarli barcha mashg'ulotlarda bu borada ishlaymiz, buning uchun jamoada etarlicha futbolchilar ham bor. Hali hujumchilarimiz o'zlarini namoyon qilishadi.

- Jamoa 3-turni yakunladi. Umuman olganda Siz dastlabki uch o'yindan necha ochko olishni rejalashtirgandingiz?

- 4 ochko. Lekin birgina ochko ishladik. Hozir buning nyuanslari va sabablarini tushuntirib bera olmayman. 2-turda "Paxtakor" bilan o'ynadik va bu jamoa o'yinchoq emas. "Paxtakor" - jiddiy jamoa. 1-turda "Buxoro"ga bordik, u erda boshqacha futbol, murabbiyining o'zgacha yo'nalishi bor. Qizig'i, mana shu uchala o'yinda ham bizga qarshi yaxshi tayyorlanishibdi. Chunki bu barcha o'yinlar taktik o'yinlar bo'ldi. Qaerdadir bizga qattiq bosim berishgani yoki juda himoyaga o'tqazib qo'ya olishganini eslay olmayman. Bizga qarshi raqiblar taktika tomonlama juda yaxshi o'ynashmoqda. 3-turga kelib ilk durangni biz qayd etdikmi? Bu turga qadar birorta durang bo'lmagandi. Ahamiyat bergan bo'lsangiz, bugun biz himoyaga yotib olmadik. O'yinni hujumda tugatdik desak ham bo'ladi. Bazida buyuk jamoalar ham hujumda o'ynab, 0:0 hisobini qayd etadi. Bo'lib turadi.

- Bugun jamoangiz raqibdan kuchliroq ko'rindi. Vaziyatlarni inobatga olsak, bugun "Qo'qon-1912" ikki ochko yo'qotdi deyishimiz ham mumkin.

- Fikringizga qo'shilaman. O'yinning boshidanoq jamoani hujumga chorladim. Bugun biz g'alabaga loyiq edik, deb hisoblayman. Taktik tomonlama juda murakkab o'yin bo'ldi va bu birinchi golgacha davom etishi kerak edi. "Qo'qon-1912" bugun g'alabaga loyiq o'yin namoyish qildi. Shu bilan birga "Loko" haqida ham yomon gap ayta olmayman. Chunki ular ham bugun uch ochkoni olib ketishi mumkin edi. Ikkala tomon ham bugun natijadan mamnun emas.

- Dastlabki turlarda o'rtacha eng yoshi katta jamoa sifatida "Qo'qon-1912"ni topishmoq jamoa desak bo'ladimi? Chunki Siz uzoq muddat davomida chempionatimizda ishlamadingiz. "Qo'qon-1912" yomon o'ynayotgani yo'q.

- Men qabul qilib olganimda, jamoaning 75 foiz tarkibi tuzib bo'lingandi. Jamoaga olingan barchadan mamnunman. Nimeli, Sohibjonov, Sidiqovni qaytardik, Gulyamov, Gadoevni olib keldik. Avvalo byudjetga qarash kerak. Klubda nimalar bo'lsa, jamoada ham shular bor. Shunga qarab maqsad-vazifalarni qo'yib borish kerak. Katta bonuslar evaziga futbolchilarni tarkibga jalb qilish mumkin. Lekin keyinchalik bu kema biror kun teshilishi mumkin. Biz byudjetga qarab olib kelingan futbolchilarga real qaraymiz. Menga barchaning o'yini maqul kelmoqda. Men pasportga qaramayman. Ahamiyat bergan bo'lsangiz, bugun rotaciya amalga oshirib, 5 kishini almashtirdik. Futbolchi yaxshi o'yin namoyish qilayotgan bo'lsa, nega ularning pasportiga qarash kerak. Hozir yosh futbolchilarga ham katta etibor berish, ularning iqtidorini to'g'ri baholash kerak. Buni ham ko'rib chiqish, muhokamalarga olish kerak. "Qo'qon-1912"ning yoshlar jamoasidan asosiy jamoasiga futbolchilar ham olishimiz mumkin edi. Biroq hozircha buning iloji yo'q. Hozir ular jamoaga moslashib keta olishmaydi. Gapingiz to'g'ri, jamoaning yoshi kattaroq. Ammo bu so'z menga unchalik yoqmaydi. Biror jamoani misol qilib keltirishni istamagan bo'lardim. Yoshlarning ham, yoshi kattalarning ham o'ziga hos plyus va minuslari bor. Men uzoq yillar davomida bolalar futbolida ishlaganman va buni qandayligini yaxshi bilaman. Shu sababli barchasini natija hal qilib beradi. Bugun G'ulom-Haydar Gulyamov tayanch hududida o'ynadi. Unga qanday etirozlar bor? Hech qanday. Shunchaki respekt va perfekt. Unga biror tanqid aytib bo'lmaydi. Androning ham yoshi katta. Lekin u katta vazifani bajardi. To'g'risi, bugun o'zlari so'ramaguncha asosiy tarkibni almashtirmoqchi emasdim. Chunki jamoa juda yaxshi o'yin namoyish qildi. Ikkala jamoa futbolchilari ham yotib olib, vaqt cho'zmadi. Bu uchun minnatdorman.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar