
Zeytullaev: "O'yin teng bo'lganiga qaramasdan yigitlarim g'alabaga munosib edi. So'nggi yangiliklardan so'ng futbolchilarni ruhlantirish qiyin, ammo shunga qaramasdan ular maydonda borini tashlab chiqib ketishmoqda. Yigitlar 4 oydan beri maosh olishmayapti, ular oilamizni boqishimiz kerak deb murojaat qilishadi. "Bunyodkor"ning holatiga etibor qaratishadi deb o'ylayman. Jamoa "tirik", ular ishonishmoqda, ammo o'yindan-o'yinga vaziyat qiyinlashib boryapti".
- "Bunyodkor"dagi moliyaviy qiyinchiliklar Ilyos Zeytullaevning keyingi murabbiylik faoliyatiga qanday tasir qiladi?
- Bu erga kelganimdan so'ng kuchli jamoaga aylandik. Ichki muhit yaxshi. Qiyinchiliklarga qaramasdan oldinga qadam tashlashda davom etishimiz kerak. Ammo hammaning oilasi bor, xorijlik mutaxassislar oldida nima deyishni bilmayapman. Umid qilamanki, yaqin vaqt ichida hammasi iziga tushib ketadi.
- "Bunyodkor" hujumida bog'liqlik avvalgi bahslarga nisbatan pasaygan...
- Har bir yangi mavsum bu yangi hikoya. Bizda ko'p narsalar o'zgardi. Bazi kuchli jamoalar bilan raqobatlasha olmaymiz. Bugungi kabi yoshlarga imkon beramiz. O'tgan mavsumda tarkib boshqa edi, ammo joriy mavsumda o'zimizga bog'liq bo'lmagan sabablar bilan Superligada jon saqlab qolishga urinadigan jamoa tuzdik. Hammasi oldinda, ishlashda davom etamiz. Bu mavsum biroz boshqacha bo'ladi, vaziyatga moslashishimiz kerak.
- Futbolchi sifatida "Yuventus" sharafini himoya qilgansiz. Zidan va boshqa yulduzlar bilan mashg'ulot o'tkazgan Zeytullaev nega porlab chiqmagan?
- Sabablar ko'p. Birinchi navbatda "Yuventus"da bo'lib qolganim uchun yaratganga rahmat aytaman. O'sha paytda "Yuventus" sharafini Zidan, Del Pero, Trezege, Inzagi... Daraja juda yuqori edi. Yoshligim sabab bazi qo'pol xatolarga yo'l qo'yganman. Noto'g'ri maslahatlarga quloq solganman.
- Jamoa ketma-ket muvaffaqiyatsiz natijalar qayd etaversa murabbiy bilan hamkorlik to'xtatiladi. Oxirgi natijalardan so'ng jamoa rahbariyati sizga qanchalik ishonmoqda?
- To'g'risi, bu haqida o'ylaganim ham yo'q. Agar bugun ishsiz qolsam, "Bunyodkor"ga muxlislik qilaveraman. Jamoaga kelganimda oxirgi o'rinda edik va mavsumni 5-o'rinda yakunladik. Bu oila bilan ishlayotganimdan faxrlanaman. Murabbiylik faoliyatimni rivojlantirishga harakat qilaveraman.