Azizbek Amonov: "Har doim agressiv o'yin namoyish qilib, jamoamga yordam berishga harakat qilaman"

  • Mr.NoBoDy 07.03.2026 02:24
  • 1114
  • 30

Superliganing 2-turi doirasida "Bunyodkor"ga qarshi o'yindan keyin "Dinamo" futbolchisi Azizbek Amonov fikrlarini bildirdi.

- Sobiq jamoangizga qarshi o'yindan qanday taassurotlar qoldi?

- Yaxshi o'yin bo'ldi. Ikki tomon ham chiroyli futbol namoyish qildi. Yutganimizdan juda xursandman.

- O'tgan yili  "Buxoro"da, bugun "Dinamo" tarkibida "Bunyodkor"ga qarshi ikki karra ishtiyoq bilan o'ynayapsiz. Bu sobiq jamoaga qarshi shunday bo'ldimi?

- Bugungi o'yinga g'alaba uchun chiqdik. Men faqatgina jamoaga yordam berishni o'ylayman. Har doim agressiv o'yin namoyish qilib, jamoamga yordam berishga harakat qilaman. Biz doim tarkibga tushish uchun o'zimizni murabbiyimizga yaxshi ko'rsatishga harakat qilamiz.

- Birinchi o'yinda "Navbahor"ga mag'lubiyatdan keyin Vadim Abramov jamoani qay tariqa "uyg'ota" oldi?

- Birinchi o'yinda o'zimizning xatolar sababli yutqazdik. Bugungisini ham, "Navbahor" bilan uchrashuvni ham ko'rib chiqamiz. Kamroq xatolar qilishga harakat qilamiz.

- Bugun "Dinamo" o'z o'yinini ko'rsatdimi yoki "Bunyodkor"ning o'yini chiqmadimi?

- Biz o'z o'yinimizni raqibga o'tkazishni o'ylayapmiz. Bizda o'sish, rivojlanish uchun vaqt va imkoniyat bor. 

- Birinchi bo'limdan keyin zaxiraga olinishingiz sababi nimada?

- Birinchi bo'limda yugurayotganimda oyog'imni qayirib oldim. Murabbiy ham tavakkal qilmaslikni aytdi va dam berdi. 

- Zaxiraga olinganingizdan keyin jamoa etakchisi kim bo'ldi?

- Bizda hamma etakchi. Anvar Hojimirzaev deysizmi, boshqami. Bizda barcha jamoa uchun o'ynaydi. Aynan bir etakchi yo'q. Jamoa yaxshi o'ynasa, hujumchilarning o'yini ham ko'rinadi. Bu erda himoyachi va darvozabonning ham o'z o'rni bor. 

- Ikkinchi bo'limda birinchisiga qaraganda jamoaning hujumkorligi pasaydi. Bu murabbiyning buyrug'imidi?

- Yo'q, bu murabbiyning ko'rsatmasi emas. Istalgan grand jamoa ham hisobni ushlash uchun o'ynaydi va shu paytda himoyaga o'tiladi. Biz esa himoyaga o'tmasdan uchinchi golni urishga harakat qildik. Jamoa uchun yordam berishga tayyorman, qolgan Allohdan.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar