Qoidani buzsang, bu ishni yaxshisi raqib darvozasiga yaqinroqda amalga oshir

  • Mr.NoBoDy 16.01.2026 14:32
  • 580
  • 30

Bo'lajak jahon chempionatida kim g'olib chiqishini sizga hozirdan aytib berishimiz mumkin.

Bugungi kunda tomosha qilayotganimiz, futbol uchrashuvlaridagi muntazam qoida buzishlar balki o'sha qoidalarga o'zgartirish kiritish kerakligiga ishoradir?

2019 yilning 10 aprelida Amsterdamning "Ayaks" klubi ECHLning 1/4 finali dastlabki uchrashuvida o'z maydonida "Yuventus"ni qabul qiladi. Uchrashuv yakuniga oz qolganida "Ayaks" standart vaziyatga ega bo'ladi, ammo uzatmadan keyin himoyachilar to'pni uzoqlashtirishadi va Paulo Dibala chap qanotdan katta tezlikda to'p bilan oldinga harakatlana boshlaydi. Dibala to'pni o'ziga tashlab berib, oldinga oshiqayotgan Krishtianu Ronaldu qulay nuqtaga chiqishini kutardi. Krish zaxirasida qolgan bor kuchini ishga solib, tezlik olganida Dibalaga to'pni qaerga oshirish borasida ishora qiladi, reja amalga oshgan taqdirda, Ronaldu qarshisida faqatgina Deyli Blind va darvozabon qolardi.

Dibala uzatmaga tayyor, lekin shu pallada hech bir xijolatpazliksiz 19 yoshli Yurgen Ekkelenkamp to'g'ri Krishtianuga qarab borib to'qnashadi. U hattoki Ronaldu bilan tezlik borasida kurashib ko'rishga urinmadi ham va regbida bo'lgani kabi portugaliyalikni maydonga qulatdi. Dibala to'pni o'zida yanada ko'proq ushlab turishga majbur bo'ldi, hujum xavfi yo'qqa chiqdi. O'yin 1:1 hisobida yakunlandi, javob bahsida esa "Ayaks" 2:1 hisobida zafar quchdi.

O'sha tarixga muhrlangan vaziyatni ushbu HAVOLA orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Oradan bir necha yil o'tib, Evropa chempionati finalida shunga o'xshash usuldan Jorjio Kellini ham foydalangan. Bu safar ham o'yindagi oxirgi hujumlardan biri, tabloda bu safar ham durang va Bukayo Saka balki uchrashuvda o'sha yagona imkoniyatidan foydalanib, Kellinini xato qilishga majbur etdi. Angliyalik to'pni oldinga, bo'sh zonaga tashlay oladi va tana holati bo'yicha ustunlikka ega edi, lekin Kellini kartinani boshqacharoq ko'rardi. Tajribali himoyachi Saka futbolkasini shunday ushlab oldiki, vinger faqatgina u yirtilib ketsagina harakatini davom ettira olardi. Inglizlarning "baxtiga" "Nike" futbolkalari anchayin sifatli.

Har ikki epizod — tarixda qoladigan taktik follar sirasidan. Etiborlisi bu harakatlar qaysidir jihatdan g'irrom yurishdek tuyulsa-da, hakamlar sariq kartochka bilan kifoyalandi. 

Keyinroq Kellini "The Overlap" podkastida o'sha vaziyatni yodga oladi: u barchasini yaxshi tushungan, bu qizil emas, sariq kartochka bo'lishini va bu o'yinda hali kartochka olmaganini yaxshi eslardi. Agarda uning kartochkasi bo'lganida va 30 daqiqalik qo'shimcha bo'limlardan avval kamchilikda qolish xavfi, futbolchini o'ylantirib qo'yardi. Bu vaziyatga to'g'ri baho bera olish sanati — shubhasiz, nazarimizda, o'yin qoidasini buzish o'yinning hal qiluvchi elementi bo'lishi mumkin. Hattoki «Ayaks» — o'yin estetikasini qadrlaydigan klub — yillar o'tsa-da, Ekkelenkampning o'sha folini o'tmishning alohida etiborga loyiq pallasi sifatida o'zining ijtimoiy tarmoqlarida aylantiradi. Odatda chiroyli gollar, assistlar, "rabona" usulidagi uzatmalar yoki darvozabonlarning fantastik seyvlarini yodga olinadi, lekin «Ayaks» o'sha ochiqchasiga ishlatilgan qoida buzilishini ham etirof etib turadi.

1998 yil Ule-Gunnar Sulsher birga-bir vaziyatga chiqib ketayotgan «Nyukasl» vakili Rob Lini o'ylab o'tirmay "o'rib yuboradi" va darhol ko'z o'ngida qizil kartochkani ko'radi. «Men shunday qilishim kerak edi», — deydi Sulsher yoniga kelgan Devid Bekxemga. 

Aleks Fergyuson bu borada boshqacharoq fikrda edi: «Manchester Yunayted»da biz bunday g'alaba qozonmaymiz», — deydi u Sulsherga o'yindan keyin (qizig'i, u har qanaqasiga haq edi: sovrin uchun poygada «Yunayted» «Arsenal»dan 1 ochko qolib ketadi).

Bu o'ziga xos jihatni, unchalik sezilmaydigan, raqib darvozasiga yaqin hududdagi mayda follarni deyarli hamma ishlatmoqda. Bu erda ikkita psixologik vaziyat borki, aynan ular hakamlar bir futbolchi tomonidan faqatgina 3-4 shu kabi qoida buzarlikdan keyingina kartochkaga murojaat qilishadi. Birinchisi: bizga, futbolchi o'z darvozasiga yaqinroqda raqibga nisbatan qo'pollik ishlatsa, bu raqib darvozasiga yaqin hududdan ko'ra, xavfliroq vaziyatdek tuyulaveradi, sababi raqib maqsadga etishiga "yaqinroqdek" ko'rinadi — bu kartinani qabul qilishingizga tasir qilmay qolmaydi. Natijada, insonning ichki tuyg'ularida aldamchi taassurot yuzaga keladi: agar o'yin qoidasi o'z darvozasidan uzoqroqda yuz bersa — bu taktik fol, agar darvoza yaqin qolgan bo'lsa — unda bu professional fol, himoyalanayotgan futbolchining qo'polligi.

Ikkinchi muhim jihat, vaziyat shundan iboratki Ekkelenkamp va Kellini raqibni deyarli yaqqol imkoniyatdan mahrum qilmoqda. Hujumdagi qo'pollik, taktik follar unday ko'rinmaydi. Ular raqibni nazariy jihatda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan imkoniyatdan, ehtimoliy vaziyatsiz qoldiradi (u vaziyat yuzaga kelishining o'zi aniq emas). Bunday harakat uchun keskin jazo mantiqan noto'g'ridek: axir qanday qilib, darvozagacha hali 75 metr "yo'l" borligida raqibni turtib yiqitgani uchun futbolchiga kartochka berish mumkin? 

Vaziyatni qabul qilishdagi aynan shu o'ziga xosliklar qo'pollikni xuddi qisqa uzatmalar yoki kombinacion futbol orqali o'yinni qurishdek, futbolning muhim bo'lagiga aylantirmoqda. To'pni yo'qotdingmi? Tezda kurashga kirish. Uni "toza" olib qo'yishning imkoni bo'lmayaptimi? Muammo emas, tezda qo'pollik ishlat, hattoki bu sariq kartochkaga sabab bo'lsa ham. Futbolda beshtagacha o'yinchi alishtirish imkoniyati paydo bo'lgach, qo'pollik "yomon yigitlarning quroli" emas, deyarli barcha murojaat qiladigan uslubga aylanib qoldi. Agarda avval u yoki bu epizod o'yin qoidasini buzishga arziydimi, kartochka xavfi qanchalik yuqori, degan savollar o'yinchini o'ylantirgan bo'lsa, hozir sariq kartochka ishlab olish ish emas, jamoaning yarmini alishtirish imkoni bor.

Folning o'yindagi muhim qurolga aylanishi zamonamizning eng yaxshi murabbiylari tomonidan bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Yuqori himoya chizig'i bilan o'ynashni va xavfli qarshi hujum ehtimoli bo'lsa, qoidani buzishni talab qilgan Arrigo Sakkidan tortib, jamoasi follarini maydonning bir qismidan ikkinchi tomoniga olib o'tib qo'ygan Pep Gvardiolagacha — ushbu jarayonda ishtirok etgan muhim figuralarning har biri o'z hissasini qo'shgan desak, mubolag'a bo'lmaydi. 2018/2019-yilgi mavsumda «Manchester Siti» qoida buzarliklarining 29% maydonning uchinchi qismida amalga oshirgan bo'lsa, o'z qismida esa — 16%, oradan besh yil o'tib raqamlar quyidagicha ko'rinish oldi: raqib tomonida 39%, o'z darvozasiga yaqin hududda esa 9%.

Shundoq ham bir xil darajadagi qo'pollikni maydonning qaysi qismida yuz berganiga qarab, ongimiz turlicha qabul qilishi etmagandek, 5 ta o'yinchi almashtirish imkoniyati tizimning yanada zaif nuqtasiga aylanib qoldi — hozirda raqib tomonida qo'pollik qilib ulgurmagan jamoalargina, o'z darvozasiga yaqin hududda fol ishlatmoqda.

Eng oddiy statistikaga yuzlansak — o'yin qoidalari buzilishining umumiy soni. Angliya chempionatida "eng qo'pol o'yinchilar" TOP-15da bor yo'g'i bitta himoyachi bor — «Nyukasl»dan Den Byorn — yana etti nafardan yarim himoyachi va hujum vakillari. Tasodifmi? Vaholanki markaziy himoyachilar qolganlarga nisbatan ustunlikka egalar — odatda murabbiylar ularni zaxiraga olishmaydi va matematik jihatdan qoida buzishga, misol uchun vingerlardan ko'ra, vaqtlari ko'proq bo'ladi. 10 yil avval sal avval eslaganimiz Kellini poziciyasidagilarning o'yinda fikrlashi haqida shunday degandi: «Yaxshi himoyachi pessimist bo'lishi kerak, chunki u har safar eng yomon scenariyga tayyor bo'lishi lozim». Oradan yillar o'tib, jumla aktualligini yo'qotgandek: endi yarim himoyachilar ham, hujum vakillari ham pessimist bo'lishlari talab qilinmoqda.

«Vulverxempton»ning «Arsenal»ga qarshi o'yinida Xvan Xi Chan o'z quroli bilan zararsizlantirildi — raqib darvozasiga yaqinroq hududlarda o'yin qoidasini buzish. Mikel Arteta bu borada ustozidan ham o'tib ketdi. «Arsenal» ushbu mavsum startida o'z darvozasiga yaqin hududdan ko'ra, raqib jarima maydonchasi ichida (!) ko'proq fol ishlatdi. 

Joze Mourinyu Evropa chempionati finalidan keyin Kellinini maqtagandi: «U universitetda himoyachi fanidan dars berishi mumkin edi». 2019 yil avgustida Manuel Pellegrini «Vest Xem» «Man Siti»ga yutqazganidan keyin (0:5) muammoga etiborni qaratishga uringan: «Har safar bizning tezkor hujum qilish imkoniyatlarimizni ular fol bilan to'xtatib qolishdi». Raxim Sterling ijrosidagi ana shunday follarning biridan keyin kamera «Siti» zaxira o'rindig'iga etiborni qaratadi: Gvardiolaning yonida futbolchi harakatlarini bosh harakati bilan maqullagancha Mikel Arteta turardi.

Sterling o'sha o'yinda 3 marta qoidani buzadi, «Siti» umumiy hisobda — 13 bor. Ulardan faqat bittasi himoyachi tomonidan amalga oshirilgan va o'sha holat 87-daqiqada yuz bergani, alohida etirofga loyiq. APLda oxirgi bir yarim mavsumda «Chelsi»dan ko'proq sariq kartochka olgan jamoa topilmadi. Eslatib o'tamiz, Enco Mareska ham Gvardiolaning yana bir shogirdi. Va bu intizomsizlik emas — bu sovuqqon sportchining aniq hisob-kitobi. Moyses Kaysedo har safar raqibni mayda fol bilan to'xtatib qolish orqali, ehtimoliy samarali hujumini oddiy pozicion hujumga aylantirganida bu qanchalik samarali usul ekanligini tushunish mumkin bo'ladi.

Mazkur holatda masalani etika tamoyillariga bog'lash biroz noo'rindek — taktik follar sizga yoqadimi, yoki ular, xuddi Fergyuson yoki Pellegrinida bo'lgani kabi, sizningcha ham jentlmenlik qoidalariga zidmi yoki yo'q. Bu shunchaki malumot: jahon chempionatida Kellinining vaziyatida bo'lgani kabi kim zarur pallada, imkoni bo'lsa maydonning raqib tomonida qoidani samaraliroq buzsa, o'sha yutadi. Sababi tayyorgarlikka vaqt kamligida ayniqsa pozicion hujumlar foyda keltirishi qiyin bo'ladi.

Bu erda muhimroq masala oldinroq aytganimiz hakamlar vaziyatni qanday qabul qilishi va mana shu jihat o'zgaradimi yoki yo'q? Raqib jarima maydonchasiga yaqin hududdagi fol, o'z darvozangdan 20 metr masofada amalga oshirilgan "podkat"chalik jiddiy qabul qilinadimi? Yoki qoidalarga o'zgartirish kiritish kerakmi? Misol uchun basketboldagi vaziyatga etibor qaratsak: malum miqdordagi qoida buzishdan keyin (aytaylik, to'rtta yoki beshta) futbolchi "maydondan chetlatiladi", uning o'rniga boshqa bir jamoadoshi o'yinga qo'shilishi mumkin bo'ladi. Nazarimizda, basketboldagi mantiq futbolda ham o'rinli bo'lardi: agarda jamoa 5 ta o'zgarishni amalga oshirib bo'lgan bo'lsa, unda 5-folidan keyin qoidabuzar sheriklarini kamchilikda qoldirib ketadi. Mana shu yo'l bilan taktik follarga munosabatni o'zgartirish mumkin bo'ladi.

Bu masalaning ehtimoliy echimlaridan faqat bittasi. Kellinining Sakaga nisbatan ishlatgan folini ko'pchilik keskin tanqid qilgan, ammo himoyachi bu harakatining oqibatlari qanday bo'lishini juda yaxshi bilardi. Istalgan jamoaning hujumchisi to'p yo'qotilgach, raqib jarima maydonchasi oldida 50 daqiqada to'rtinchi marotaba qoidani buzayotgan bo'lsa ham jazolanmasligini yaxshi biladi — bu ikki holatning o'rtasida farq juda katta. Natijada, Kellinida bo'lgani kabi vaziyatlarda jazoni og'irlashtirishdan ko'ra, hujumda ishlatiladigan taktik follarga nisbatan qarashni o'zgartirilsa, futbol ko'proq foyda ko'radigandek.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar