
Portugaliya futboli afsonasi Luish Figu «Real» va «Barselona» o‘rtasida futbolchilarning bir klubdan ikkinchisiga o‘tishi bugungi kunda deyarli imkonsiz ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 2000 yilda Figu «Barselona»dan «Real»ga 62 million yevro evaziga o‘tgandi. Bu o‘sha davr uchun jahon futbolidagi rekord transfer summasi hisoblangan.
«Ayniqsa, men bilan sodir bo‘lgan voqealardan keyin «Real»dan «Barselona»ga yoki aksincha transfer amalga oshishini kutish qiyin. Hozir futbolchilarning shartnomalarida belgilanayotgan tovon pullari aql bovar qilmas darajada yuqori. Bu raqamlarni tasavvur qilishning o‘zi mushkul.
Bunday transferni mutlaqo imkonsiz deb bo‘lmaydi. Biroq ushbu ikki klubdan birortasi bunday katta xarajatni ko‘tara olishiga ishonish qiyin. Masalan, ayni paytda «Barselona» transferlar uchun bunchalik ulkan mablag‘ sarflash imkoniyatiga ega emas.
Menimcha, hozirgi sharoitda bunday kelishuvni amalga oshirish nihoyatda murakkab», — dedi Figu.