iks
ads


Ilgiz Tantashev: «Agar JCHdan chetlatilganimda, meni birinchi reysdayoq uyga jo‘natishardi»

  • Mr.NoBoDy09.10.2026 19:26
  • 45
  • 30

O‘zbekistonlik hakam Jahon chempionatidagi Paragvay — Fransiya uchrashuvi, tanqidlar va hakamlikka kirib kelishi haqida gapirdi.

O‘zbekiston terma jamoasi bu yozda ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Jamoa uchala uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, to‘plar nisbati 2:11 bo‘ldi. Mundialda yana bir o‘zbekistonlik — hakam Ilgiz Tantashev ham o‘zini ko‘rsatdi. U ham Jahon chempionatida ilk bor ishladi va uchta uchrashuvni boshqardi. Uning so‘nggi bahsi 1/8 final bosqichidagi Paragvay — Fransiya uchrashuvi bo‘ldi.

Sport24 muxbirlari Boris Korolyov va Sergey Kozlov Tantashev bilan suhbatlashib, uning avtomasterskoydan hakamlikkacha bo‘lgan yo‘li, tanqidlar, yangi qoidalar, Milorad Majich bilan ishlashi va Sergey Karasyovning imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.

«Amerikada futbol bilan yashashdi. U yerda bayramona muhit sezilmaganiga qo‘shilmayman»

— Jahon chempionatiga borishingizni bilganingizda nimani his qildingiz?

— Ta’riflab bo‘lmaydigan quvonchni. Oxirgi daqiqagacha hech kim hech narsani bilmasdi. Biz O‘zbekistondagi uchrashuvni boshqarishimiz kerak edi. O‘yin boshlanishiga o‘n daqiqa qolganda yordamchimga hamkasbi qo‘ng‘iroq qilib, tayinlov rasman e’lon qilinganini aytdi. Kiyinish xonasiga kirishimiz bilan ko‘zimizga yosh keldi. Bu orzuga 20 yil bo‘lgandi va nihoyat u amalga oshdi.

— AQSHda hakamlar uchun sharoitlar qanday edi?

— A’lo darajada! FIFA qulaylik uchun hamma narsani muhayyo qildi: joylashuv, mashg‘ulotlar, ovqatlanish va tiklanish sharoitlari. Ayniqsa, tiklanish muhim edi. Mayamida juda issiq bo‘ldi, hamma doim terlardi. Shuning uchun organizmdagi mikroelementlar zaxirasini to‘ldirish kerak edi. Mehmonxona ham talabga mos ravishda besh yulduzli edi.

— AQSHga ko‘chib ketish istagi paydo bo‘lmadimi?

— Bilasizmi, men 45 ta mamlakatda bo‘lganman, ammo men uchun Yer yuzidagi eng yaxshi joy — Toshkent!

— Ko‘pchilik AQSHda futbol bayrami muhiti sezilmaganini aytdi.

— Bunday fikrdan hayronman va unga qo‘shilmayman. Har bir o‘yinda stadion to‘la bo‘ldi. Qiziqish juda katta edi, turli mamlakatlardan kelgan muxlislar sayr qilib, hordiq chiqarishardi. Muhit ajoyib edi. Qatar yoki Rossiyada qanday bo‘lganini ichkaridan bilmayman, ammo Amerikada odamlar futbol bilan yashashdi.

— Hech qanday mojarolar bo‘lmadimi? Masalan, hakamlikdan norozi bo‘lganlar sizni tanib, e’tiroz bildirishlari mumkin edi.

— Hammasi tinch o‘tdi. Biz oddiy kiyinishga harakat qildik va jamoat joylarida kamroq ko‘rinish berdik.

«Salqin hududlarda suv ichish uchun tanaffus ortiqcha edi»

— Jahon chempionatida qoidalarga bir nechta yangilik kiritildi. Qaysi biriga ko‘nikish qiyinroq bo‘ldi?

— Jarohatlar bilan bog‘liq vaziyatlarga. Futbolchi haqiqatan ham jarohat olgan-olmaganini tushunishingiz kerak. Balki, unga nisbatan ishlatilgan qoidabuzarlikni ko‘rmay qolgandirsiz. Bosh jarohati bo‘lsa, shifokorlarni chaqirishga shoshilish xavfi bor, holbuki, futbolchi aslida yordamga muhtoj bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatda uning jamoasi bir muddat kamchilikda qoladi.

— To‘pni o‘yinga kiritish uchun belgilangan besh soniyalik qoida haqida nima deysiz? Endi hakamlar vaqtni orqaga sanab, o‘yinni ataylab sekinlashtirishga yo‘l qo‘ymayapti.

— Bu futbol foydasiga ishlayapti. Futbolchilar shoshilishni, to‘pni tezroq o‘yinga kiritishni boshlashdi. Endi vaqtni cho‘zgani uchun sariq kartochka berish kerak bo‘lganda bosimni his qilmaysiz — hammasi aniq.

— Og‘zini qo‘li bilan to‘sgan futbolchiga qizil kartochka berish qoidasi haqida fikringiz qanday?

— Buning ham mantig‘i bor. Agar og‘izni to‘sish qarama-qarshilikka sabab bo‘lsa, qoida ishlaydi. Og‘izni qo‘l bilan yopib, janjalga olib kelishi mumkin bo‘lgan haqoratli gaplarni aytish mumkin. Biroq ba’zan VAR yordamisiz hakam buni ko‘rishi qiyin.

— Jahon chempionatida suv ichish uchun tanaffuslar turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. Ular har doim ham zarurmidi?

— Hammasi ob-havoga bog‘liq. Men boshqargan Paragvay — Fransiya uchrashuvi 39 daraja issiqda o‘tdi. Bu chidab bo‘lmaydigan darajadagi issiq edi. Uch daqiqalik tanaffus futbolchilarni ham, hakamlarni ham qutqardi. Salqin iqlimli hududlarda esa bunday tanaffus ortiqcha edi. Ammo FIFA yagona standart joriy qildi.

«Ha, ba’zi provokasiyalarni ko‘rmadim. Ammo Paragvay shuning uchun mag‘lub bo‘ldimi?»

— Paragvay — Fransiya uchrashuvi pley-offning eng shov-shuvli bahslaridan biri bo‘ldi. Qiyin va keskin o‘yinga tayyormidingiz?

— Biz butun turnir davomida barcha jamoalarni kuzatib bordik. Terma jamoalarning qanday o‘ynashini, muayyan futbolchilarning imkoniyatlarini tushunib olgandik. Uchrashuv oldidan tahlilchilar bilan ham ishladik. Ular taktik jihatlar va standart vaziyatlardagi o‘ziga xos harakatlarni tushuntirishdi.

— O‘yin oldidan qanday tavsiyalar olgan edingiz?

— Fransiya har tomonlama kuchliroq ekanini tushunardim. Paragvayning yagona yo‘li raqibga futbol o‘ynash imkonini bermaslik edi. Aks holda hisob yirik ko‘rinish olishi mumkindi. Xuddi shunday bo‘ldi: o‘yin boshlanishi bilan provokasiyalar yuzaga keldi.

— Nega paragvayliklarni jazolamadingiz?

— Vazifamiz provokasiyaga qarshi provokasiyaga uchmaslik edi. Ba’zan bir futbolchi nimadir qiladi, raqibi esa uning harakatiga bo‘lgan munosabatni bo‘rttirib ko‘rsatadi. Sariq kartochka berish uchun asos juda aniq bo‘lishi kerak, shunda hech kimda savol tug‘ilmaydi. Agar shubhali vaziyatda kartochka bersangiz, besh daqiqadan keyin ikkinchi sariq kartochka sabab futbolchini maydondan chetlatishga to‘g‘ri kelishi mumkin. O‘yindan keyin jamoalar mag‘lubiyatni chetlatish yoki kartochkalar ko‘pligi bilan izohlashlarini istamadik.

— Vaqt o‘tgach, o‘sha uchrashuvdagi hakamligingizni qanday baholaysiz?

— Ayrim vaziyatlarda tafsilotlarni ko‘rishga qodir emasdim — ular menga to‘sqinliklar sabab ko‘rinmadi. Faqat hissiyotlarga tayanib qaror qabul qilib bo‘lmaydi.

— O‘yindan keyin ko‘p tanqidlarga uchradingiz.

— Bunga mutlaqo tabiiy holatdek qarayman. Bizning ishimizda bu odatiy hodisa. Shunga qaramay, so‘nggi vaqtlarda menga nisbatan eng kuchli nafrat va tanqid aynan shu o‘yindan keyin bo‘ldi.

— Bu vaziyatni qanday yengdingiz?

— Oddiy qabul qildim. Har bir o‘yindan keyin tanqid bo‘ladi. Agar Paragvay mening xatom tufayli mag‘lub bo‘lganida, bu fojia bo‘lardi. Ammo Fransiya o‘yin natijasiga ta’sir qilgan hakamlik xatolarisiz keyingi bosqichga chiqdi.

Ha, paragvayliklarga sariq kartochkalar bermadim, ba’zi provokasiyalarni ko‘rmay qoldim. Ammo ular shuning uchun mag‘lub bo‘lishdimi? Yoki men nazorat qilmagan biror vaziyat tufayli futbolchi jiddiy jarohat olib, kasalxonaga olib ketildimi? Bunday bo‘lmadi. Muammo hakamning xatosi tufayli jamoa mag‘lub bo‘lib, Jahon chempionatini tark etganida yuzaga keladi. Bu holatda esa nima bo‘ldi?

— Sobiq hakam Shapron sizning ishingiz haqida shunday degandi: «Tantashev o‘yinni buzgan paragvayliklarni himoya qildi. VAR va penaltisiz u hech narsa bermagan bo‘lardi. Unga qarab, havaskor hakamni ko‘rayotgandek bo‘ldim».

— U o‘z fikrini bildirgan. Ammo havaskor hakam Jahon chempionatiga yetib bora olmaydi. Buning uchun juda katta va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tish kerak.

— L'Équipe nashri ushbu uchrashuv uchun sizga Jahon chempionatlari tarixidagi eng past bahoni qo‘ydi.

— Birinchidan, bu qanday reyting? Baholar qaysi mezonlar asosida qo‘yiladi? Ikkinchidan, bu bahoni qo‘yayotgan odamlar kim? Uchinchidan, bizning ishimizni baholaydigan rasmiy tashkilot bor. Istalgan mamlakat, jurnalistlar guruhi, sobiq hakamlar yoki ekspertlar o‘z bahosini berishi mumkin. Ammo bu baho hakamning ishiga haqiqatan mos keladi, degani emas.

— Rahbariyat sizga qanday baho berdi?

— Brifingda kartochka berilmay qolgan epizodlarni tahlil qildik. Qaysi vaziyatlarda sariq kartochka berish kerak bo‘lganini aytishdi.

— Paragvay — Fransiya o‘yinidan keyin siz Jahon chempionatidan norasmiy ravishda chetlatilganingiz haqida xabarlar tarqaldi.

— Agar chetlatilganimda, meni birinchi reysdayoq uyga jo‘natishardi. Men esa Amerikada qoldim va boshqalar bilan birga mashg‘ulot o‘tkazdim. Hammasi odatdagidek davom etdi.

— Demak, chorak final yoki yarim finalda ishlash imkoniyati ham bor edi?

— Ehtimol, zaxira hakam sifatida yoki hatto maydonda ishlashim mumkin edi. Jami uchta uchrashuvni boshqardim. Ayrim hakamlar ikki marta, ba’zilari bir marta ishladi, umuman o‘yin olmaganlar ham bo‘ldi. Bunday sharoitda Jahon chempionatida uchta uchrashuvni boshqarishni yaxshi natija deb hisoblayman.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar