
Ispaniyalik jurnalist va teleboshlovchi Xosep Pedrerol Madridning "Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappe o‘z ishiga bo‘lgan munosabati sababli jamoa muxlislarining ishonch va muhabbatini yo‘qotish xavfi ostida ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Mbappe Millatlar ligasi doirasida Turkiyaga qarshi o‘tkazilgan va 0:1 hisobida yakunlangan uchrashuvda jarohat olganidan keyin dastlab Parijdagi tungi klublardan birida ko‘rinish bergan. Keyinchalik esa velosiped minib yurgani aks etgan videoni e’lon qilgan.
Pedrerol El Chiringuito dasturida fransiyalik hujumchining "Real"dagi faoliyati va muxlislar bilan munosabati haqida fikr bildirdi.
"Mbappe ajoyib futbolchi. "Real" uni juda uzoq — yetti yil kutdi. Florentino Peres uni jamoaga olib kelish uchun ko‘p ish qildi.
Muxlislar uning "Real"ga o‘tish borasida bir safar "ha", boshqa safar "yo‘q" deganlarini ham kechirishdi.
U kelganidan buyon ikki yil ichida klub hech qanday sovrin yutmadi. "PSJ" esa shu vaqt davomida barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, bu holat futbolchining obro‘siga salbiy ta’sir qiladi.
U "Oltin to‘p"ni qo‘lga kiritishni xohlaydi. Buni istashi yaxshi-ku, shunday emasmi?
Ammo "Real" undan ko‘proq narsa kutmoqda. Klub Mbappe o‘zini jamoaning ajralmas qismi deb bilishini, klub uchun mehnat qilishini va uni yurakdan his etishini istaydi.
Uni haqiqatan ham mashg‘ulotlarda mehnat qilayotgan holda ko‘rishni xohlashadi. U maydon tashqarisidagi voqealar emas, aynan maydonda sodir bo‘layotgan ishlar bilan bog‘liq xabarlar qahramoni bo‘lishi kerak.
Albatta, u bu ishlarni yomon niyatda qilayotgan bo‘lmasa kerak. Ehtimol, vaziyatni yaxshilab tushuntirsa, hammasi oydinlashar.
Biroq "Real"ning istalgan muxlisi bilan suhbatlashsangiz, u bu holatni tushunmaydi.
Mbappe madridlik muxlislarning muhabbatini yo‘qotmoqda. Albatta, agar u qachondir bu muhabbatga sazovor bo‘lgan bo‘lsa.
Bu futbolchi bilan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng yomon holat. Sen qanchalik kuchli futbolchi bo‘lma, o‘z muxlislaring seni yaxshi ko‘rmasa, bundan yomoni yo‘q.
Menimcha, Mbappe nimani xohlayotgani va qayerga erishmoqchi ekani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishi kerak.
U haqiqatan ham "Real" muxlislarining muhabbatini qozonishni istaydimi?
Axir bu uning orzusi emasmidi? "Real"ga o‘tish orqali o‘z orzusini amalga oshirmaganmidi?
Endi u shu orzusini yo‘qotadi. Mbappe uni yo‘qotadi", — dedi Xosep Pedrerol El Chiringuito dasturida.