
«Manchester Yunayted» anchadan beri Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Orelyen Tchuamenining o‘yiniga qoyil qolib kelmoqda. Futbolchi «Manchester Siti»dan Rodrini sotib olish maqsadida sotuvga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda The National nashri xabar beradi.
Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, fransiyalik futbolchi «Real»da baxtiyor, ammo «qaymoqranglilar» uni sotishga qaror qilsa, «Manchester Yunayted»da o‘ynash g‘oyasiga ochiq. Biroq Tchuamenining yuqori transfer qiymati va maoshi ushbu bitimni amalga oshirishga xalaqit berishi mumkin.
O‘tgan mavsumda Tchuameni barcha turnirlarda 49 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 2 ta gol va 2 ta golli uzatma yozib qo‘ydi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 70 million yevroni tashkil etadi.