Insayder Satpayevning «Chelsi» uchun ahamiyatini tushuntirdi va uni Husanov bilan taqqosladi

  • Mr.NoBoDy26.07.2026 16:26
  • 6
  • 30

«Chelsi» klubiga ixtisoslashgan insayder va sport jurnalisti Rob London jamoasining Qozog‘iston terma jamoasi hujumchisi Dastan Satpayevni transfer qilishi istiqbollariga baho berdi, deb xabar bermoqda Sports.kz.

«Balkim, ko‘plab mamlakatlar uchun bu oddiy holatdir. Ammo Dastan Satpayevning Premyer-ligada o‘ynagan ilk qozog‘istonlik futbolchiga aylanish ehtimoli mamlakat uchun ulkan ahamiyatga ega. Uning hozirning o‘zidayoq bunchalik katta qo‘llab-quvvatlovga ega ekani bejiz emas. U Qozog‘istonning birinchi haqiqiy futbol superyulduziga aylanishi mumkin.

Tijorat nuqtai nazaridan ham bu “Chelsi” uchun katta yutuq hisoblanadi. Agar u ijaraga ketmasdan jamoada qolsa, Satpayev ismi tushirilgan futbolkalar juda ko‘p sotilishi mumkin. Bu jihatdan uning ta’sirini “Manchester Siti”dagi Abduqodir Husanovning O‘zbekistondagi ta’siri bilan qiyoslash mumkin», — deb yozdi jurnalist X ijtimoiy tarmog‘idagi, qariyb 50 ming nafar obunachiga ega sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, Dastan Satpayev 18 yoshga to‘lganidan keyin, avgust oyida rasman «Chelsi» futbolchisiga aylanadi.

Kutilishicha, «ko‘klar» bosh murabbiyi Avstraliya va Osiyodagi mavsumoldi yig‘ini yakunlariga ko‘ra qozog‘istonlik hujumchining kelajagi bo‘yicha qaror qabul qiladi. U futbolchini ijaraga yuborish yoki asosiy jamoa tarkibida qoldirish masalasini hal qiladi.

Ўхшаш янгиликлар