Lukakuning agenti: «U hamma narsani isbotlab bo‘lgan ajoyib futbolchi»

  • Mr.NoBoDy26.07.2026 10:26
  • 0
  • 30

«Napoli» hujumchisi Romelu Lukaku 2026/27 yilgi mavsumni zaxira o‘yinchisi maqomida boshlash niyatida emas. Bu haqda uning agenti Federiko Pastorello ma’lum qildi.

«Ochig‘i, yo‘q. U hamma narsani isbotlab bo‘lgan ajoyib futbolchi. Lukaku — dunyodagi eng sermahsul hujumchilardan biri, shu sababli bunday vaziyatni qabul qilishimiz qiyin», — dedi belgiyalik futbolchining vakili Sky Sport Italiaga bergan intervyusida.

«Romelu o‘ziga qiziqish bo‘lmagan joyda qoladigan inson emas. Klubning qarori mutlaqo qonuniy bo‘lishi mumkin, ammo futbolchining pozisiyasini ham hisobga olish kerak», — deya qo‘shimcha qildi agent.

Lukaku jiddiy mushak jarohati sababli o‘tgan mavsumni deyarli to‘liq o‘tkazib yubordi. Klub miqyosida u maydonda bor-yo‘g‘i 64 daqiqa harakat qildi, biroq Jahon chempionatiga qadar tiklanishga va Belgiya terma jamoasi safida o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi.

Avvalroq «Napoli» sport direktori Jovanni Manna klub forvard ta’tildan qaytganidan so‘ng u bilan keyingi rejalarni muhokama qilishini aytgan edi. Lukakuning amaldagi shartnomasi 2027 yilning yozigacha mo‘ljallangan.

Ўхшаш янгиликлар