
«Liverpul» yarim himoyachisi Florian Virs «Chelsi»ning qiziqishiga qaramay, yozgi transfer oynasida klubni tark etmaydi. Londonliklarning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso avval «Bayer»da birga ishlagan nemis futbolchisi bilan yana hamkorlik qilishni istamoqda. Biroq «Liverpul» rahbariyati o‘yinchini sotish variantini ko‘rib chiqmayapti.
Virs ingliz klubi safiga 2025 yil yozida Leverkuzenning «Bayer» klubidan 116 million funt sterling evaziga o‘tgan edi. Mersisaydliklar safidagi faoliyatining boshlanishi oson kechmadi, biroq vaqt o‘tishi bilan u Arne Slotning talablariga moslashdi va jamoaning muhim qismiga aylandi.
Yakunlangan mavsumda 23 yoshli yarim himoyachi barcha turnirlarda 49 ta o‘yin o‘tkazib, 7 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Insayder Grem Beylining so‘zlariga ko‘ra, «Liverpul» futbolchining o‘sishidan to‘liq qoniqqan va u bo‘yicha tushadigan hech qanday taklifni ko‘rib chiqmoqchi emas.
«Hatto «Bavariya» qiziqish bildirsa yoki Xabi Alonso uni «Chelsi»da ko‘rishni istasa ham, «Liverpul» uni qo‘yib yubormoqchi emas», — deb ta’kidladi Beyli.
Uning so‘zlariga ko‘ra, klubning pozisiyasi aniq: «Virs «Liverpul»da qoladi».